Yo‘lingizda 10 nafar YPX xodimi uchrasa, 10 nafari ham sizni to‘xtatadi – G‘iyosov

Jamiyat

image

O‘zbekistonda o‘rnatilgan karantin rejimiga bepisand qarayotganlar, o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilmayotganlar, o‘zini ham, birovlarni ham salomatligiga xavf solayotganlar uchrab turibdi. Ushbu qoidabuzarliklarga o‘z munosabatini bildirar ekan, Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

“Bilib qo‘ying, ko‘chaga transportda chiqdingizmi, yo‘lingizda 10 nafar yo‘l-patrul xizmati xodimi uchrasa, 10 nafari ham sizni to‘xtatadi. 10 marta nima uchun ko‘chaga chiqqaningizni so‘raydi. Velosipedda yoki piyoda yursangiz ham, sizni to‘xtatadi va ko‘chada yurishingiz sababini so‘raydi. Hozirgi vaqtda boshqacha bo‘lishi mumkin emas.    

Alohida ravishda uyda o‘tirgan, cheklovlarni to‘g‘ri tushunib ularga rioya etayotgan fuqarolarimizga rahmat aytmoqchiman. Siz uyda o‘tirib, bizning va tibbiyot xodimlarining ishini qanchalik yengillashtirayotganingizni hatto tassavur ham qilmayapsiz.

“Sizning intizomga rioya etishingiz — davlat oldidagi burchingizni bajarish bilan teng. Boshqalar uchun o‘rnak bo‘layotgan, vaziyatni to‘g‘ri baholab, uyda o‘tirgan, turli g‘iybatlardan, nolishlardan, tirnoq orasidan kir qidirishdan yiroq bo‘lgan ota-onalarimizga, aka-uka va opa-singillarimizga katta rahmat aytmoqchiman”, dedi Shohruh G‘iyosov.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, karantinga olingan aholi soni — 99 391 taga yetgan. Ulardan, 23 648 nafari tibbiyot maskanlarida, 75 743 nafari o‘z uyida nazoratga olingan.

Bugungi kunga kelib, karantin qoidalarini buzgan fuqarolar soni — 22 286 taga yetgan. Ulardan 6 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘tgan bir sutka davomida karantin qoidalarini buzganlar 2 443 tani tashkil etgan. Huquqbuzarlarning aksariyat qismi erkaklardir.

O‘tgan sutka davomida haydovchilar tomonidan 2 646 ta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Ulardan 1 239 tasi aynan karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq.

Qoidabuzarlarga tegishli 683 ta transport vositasi jarima maydonchalariga joylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 221 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

75

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing