Toshkentda haydovchilarni sotayotgan “quloq”lardan biri kimligi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda tadbirkorlarga yo‘l harakati qoidabuzarliklarini foto va videoga qayd etuvchi vositalarni o‘ranitishiga ruxsat berilgandi. Bu jamoatchilik fikrining bo‘linishiga va ko‘plab bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Yangi tartibni qo‘llovchilar qoidalarni buzmasdan harakatlanish kerakligini ta’kidlasa, unga qarshilar, avvalo, yo‘llarning ahvoli, yo‘l belgilarining to‘g‘ri va to‘liq bo‘lishi kerakligini hamda ushbu tartib jamiyatda “quloq”larni ko‘paytirib yuborishini ta’kidlamoqda.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida kun tartibiga chiqqan mavzuga aloqador bahsli video tarqaldi.

Videodagi kadrlarda yo‘lda harakatlanib ketayotgan haydovchi 3.27 to‘xtash taqiqlanadi yo‘l belgisi ta’siridagi hududda to‘xtab turgan Lacetti’ni ko‘rgan va ortga qaytib uni tasvirga olgan.

Ammo voqeaning ko‘z ilg‘amas boshqa bir jihati bor. Videodagi izohlarga ko‘ra, Lacetti haydovchisi yo‘ldagi kattagina chuqurni to‘ldirib, ustidan beton quyayotgan bo‘lgan.

“Ramazon kunlarida savob bo‘ladi deb beton quyib turgan edik, bir YPX xodimi kelib “akalar, yo‘lga bir belgi qo‘yib qo‘ysangiz, harakatga xalaqit qilmasin” degandi “znak” qo‘ydik. Yonida trotuar bor edi, odamlarning o‘tishiga xalal beradigan holat ekan. YPX xodimi “Mashinangiz bor ekan, iloji bo‘lsa, shu mashinani trotuarga yaqinroq qilib qo‘ysangiz, o‘tgan odamlar betonni bosmasa, ehtiyot bo‘lib o‘tsa”, degandi. Inspektorning gapidan keyin majbur bo‘lib, mashinani noqulay joyga qo‘ydim. Bir noinsof, o‘tib ketayotgan joyida qaytib kelib, mashina taqiqlangan joyda turibdi deb, tasvirga olibdi. Bu voqea 14 aprel kuni bo‘lgan. 735 ming jarima kelibdi. Odamlarga nima bo‘lyapti, tushunmadim”, degan yo‘l ta’mirlab, jarimaga tushgan haydovchi.

Videoga qoldirilgan izohlarda esa videoga olgan shaxs yaxshilanmagan, albatta. Tarmoq foydalanuvchilaridan biri qoidabuzarliklarni tegishli idoralarga xabar qilganlik uchun moliyaviy rag‘batlantirishni bekor qilish kerakligini va video yozuvlarni tahlil kiluvchi analitiklarni ishga olish kerakligini aytgan.

Boshqa bir foydalanuvchi quyidagicha izoh qoldirgan:

“Bunaqangi qonunlar xalqni bir-biriga dushman qilib qo‘yadi, odamlar orasidagi mehr-oqibat battar yo‘qolib boraveradi. Hech kimda bir biriga nisbatan ishonch qolmaydi. Qo‘shnisini tanimaydigan ba’zi davlatlarning aholisi singari biz xam o‘z manfaatini o‘ylaydigan, boshqalarning dardi-g‘ami bilan ishi bo‘lmaydigan hissiz, mexr-shavqatsiz xalqqa aylanib boraveramiz.”

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bu kabi videolar qoidabuzarlikka qarshi kurashish uchun yo‘lga qo‘yilgan yangi usulni qayta ko‘rib chiqish kerakligini ko‘rsatmoqda. Aholi kayfiyatini inobatga olib, yuqorida ko‘rsatilganidek, aybsiz aybdorlar ko‘paymasligi va eng asosiysi odamlar orasida o‘zaro ishonchsizlik va bo‘linish o‘nglab bo‘lmas holga kelmasidan avval xatoliklarni tuzatish ma’qul.

Yo‘lda qoidabuzarliklar bo‘lmasligi uchun bu kabi qat’iy choralar yo‘l infratuzilmasi yaxshilanganidan keyin joriy qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.


Maqola muallifi

Teglar

YPX jarima

Baholaganlar

1638

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing