“Yuksalish” “LUKOYL” mansabdorining haqoratlariga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
14 noyabr 2019
5011Avvalroq, “LUKOYL” Uzbekistan Operating Co bosh energetigi Qashqadaryoda qo‘l ostidagi ishchilarini haqoratlagani tasvirlangan video tarqalgani haqida xabar bergan edik. “Yuksalish Umummilliy harakati “LUKOYL” Uzbekistan Operating Co MCHJ rahbar xodimining nomaqbul xatti-harakatlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
“LUKOYL” Uzbekistan Operating Co rahbar xodimi tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan Jarquduq majmuasi ishchilari sha’niga nomaqbul so‘zlar aytayotgani aks etgan videolavha shu kunlarda internet foydalanuvchilarining keskin e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
“Yuksalish” umummilliy harakati mazkur masala yuzasidan munosabat bildirar ekan, qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar, ayniqsa “LUKOYL” kabi yirik kompaniya vakili tomonidan bunday xatti-harakatlarning amalga oshirilishi jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan holat, deb baholaydi.
Shuningdek, xizmat vazifasini bajarish davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun mas’ul xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralarini ko‘rish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini eslatadi. Bir guruh shaxslarni millat yoki etnik kelib chiqishini nazarda tutgan holda haqoratlash yoki kamsitishga esa aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Boz ustiga O‘zbekistonda tarixan millatlararo totuvlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari juda yaxshi rivojlangan. Bag‘rikenglik o‘zbek xalqining yuksak fazilati hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati kompaniya rahbariyatidan kelgusida bunday holatlarga takror yo‘l qo‘ymaslik haqida, shuningdek, mazkur salbiy holat ishtirokchisiga nisbatan ko‘rilgan chora yuzasidan yaqin vaqt davomida jamoatchilikka axborot berish lozim deb hisoblaydi. Zero, shaxs qadr-qimmati, uning sha’ni daxlsizligi O‘zbekiston qonunchiligi hamda xalqaro normalarga muvofiq oliy qadriyat hisoblanadi”, deyiladi harakat bayonotida.
Eslatb o‘tamiz, “LUKOYL” mansabdori ishchilardan biri qo‘llanmaga nomuvofiq ishlagani uchun uni qo‘ylar podasi deb haqorat qilgan. Ishchilarni so‘kib, haqorat qilgan mansabdor “LUKOYL” Uzbekistan Operating Co bosh energetigi Ivan Aleksandrovich Shilov ekani aytildi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi Qonunchiligiga zid ekanini eslatib, tegishli organlarda qonun ustuvorligini ta’minlashni talab qildi.
LiveBarchasi