Putin Lavrovni chetga uloqtirmoqchimi?
Tahlil
−
11 noyabr 13181 10 daqiqa
So‘nggi paytlarda Rossiya siyosiy doiralarida Putin va Lavrov o‘rtasida nizo kelib chiqqani butun dunyo miqyosida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Chunki Sergey Lavrov Rossiya siyosatida o‘z o‘rnida toshday qotgan siyosatchilardan biri ekani, 21 yildan buyon Putinning dunyo bilan aloqalarida eng ishonchli odami bo‘lib kelayotgani ko‘pchilikka sir emas. Lavrov Tashqi ishlar vaziri sifatida endi faoliyatini boshlaganda u bilan bir vaqtda yoki undan oldin yoxud keyin dunyoning turli davlatlarida shu postni egallaganlardan birortasi qolmagan. Yoki siyosatni tark etgan, yoki boshqa lavozimga o‘tib ketgan. Faqat o‘ta qo‘rs, harakatlari diplomatga umuman o‘xshamaydigan, kamiga og‘zi shaloq Lavrovgina bu lavozimda uzluksiz ishlab kelmoqda. U mamlakatining Bosh diplomati degan mansabning o‘ziga xos diktatori.
Xo‘sh, Putin va uning orasidan, rostdan ham ola mushuk o‘tdimi? Dunyo OAV ichida birinchi bo‘lib bu haqda “Financial Times” nashri so‘z ochdi. Shundan so‘ng qator nashrlar bu xabarda jon borligini o‘zlarining tahlillarida keltirdi. Ehtimoliy mojaroga esa asosan 21 oktyabrda Tramp va Putin Budapeshtda uchrashishga yaqin turganda Lavrov va Rubioning telefon suhbatida yuz bergan kelishmovchilik sabab sifatida keltirildi. Lavrov o‘shanda barcha ishni pachava qilgani oldindan ma’lum edi. Shundan so‘ng, noyabr oyining ilk kunlarida Putin undan darg‘azab ekani haqida gap-so‘zlar ko‘paydi. 5 noyabrda Lavrovning Xavfsizlik kengashi majlisida ishtirok etmagani, yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida uning o‘rniga boshqa shaxs Rossiya nomidan qatnashishi mazkur xabarlarda haqiqat bordek tassurot qoldirayotgandi. Ammo Kreml so‘zamoli Peskov mazkur xabarlarni rad etib, Lavrov o‘z ishini davom ettirayotganini bildirdi.
Shunga qaramay, so‘nggi paytlarda Rossiyaning o‘zgarmas Tashqi ishlar vaziri bosar-tusarini bilmay yurganiga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. Qarigan sari uning qo‘rsligi, qo‘polligi va chegaralarni pisand qilmaslik holatlari ancha ko‘paygandi. Buni hatto joriy yilda O‘zbekiston ham his qildi. Quyida dunyoning eng madaniyatsiz diplomati va uning xo‘jayini o‘rtasida kelishmovchilik chiqqani haqidagi rezonansga va shu so‘knog‘ich vazirning umumiy faoliyatiga nazar tashlaymiz.
Kremlda “jang isi”
5 noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashida mamlakat Tashqi ishlar vaziri Lavrovning qatnashmagani qator shubhalarni keltirib chiqardi. Rossiyaning ta’sirchan mulozimlari AQSHning keskin harakatlari fonida yadro sinovlarini qaytadan boshlash masalasini muhokama qilgan ushbu kengashda Lavrovning yo‘qligi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. U bu Kengashda qatnashmagan yagona doimiy a’zo bo‘ldi. Bu ham yetmaganidek, yaqin kunlarda kutilayotgan va JARda o‘tadigan navbatdagi G20 sammitida Rossiya nomidan ishtirok etish uchun to‘satdan Lavrovning o‘rniga Prezident ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin tayinlandi. Shu bois o‘tgan kunlar mobaynida Lavrov va Putinning orasi buzilgani haqidagi xabarlar bolaladi. “Finacial Times” va “The Moscow Times” kabi nashrlar Putin o‘zining 75 yoshli qariya diplomatidan qattiq darg‘azab ekani haqida yozdi. Bunga esa 21 oktyabr kuni Lavrov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasida kechgan telefon suhbatida qariya o‘zini juda nomunosib tutgani, Rossiyaning talablarini AQSH tomoniga juda keskin ohangda yetkazgani va buning oqibatida Rubio Trampga Putin bilan uchrashuv ahamiyatsiz ekanini yetkazib, Budapeshtdagi sammit ortga surilgani sabab sifatida keltirildi.
Ha, o‘sha suhbat rostdan ham Kreml uchun juda noxush oqibatlarga olib kelgani rost. Chunki aynan Rubio va Lavroning telefon suhbatidan keyin AQSH zudlik bilan Rossiyaning “Rosneft” va “Lukoyl” kabi ikki yirik gigant kompaniyalariga sanksiyalar kiritdi. Hindiston va Xitoy ham bu sanksiyalarga ma’lum ma’noda bo‘ysunishni boshladi. Sir emas, neft Putinning Ukrainadagi bosqinini davom etishida eng asosiy drayver hisoblanadi. Masalan, joriy yil sentyabr oyining o‘zida Rossiya kuniga 5,1 mln barrel neft eksportini amalga oshirib, 13,5 mlrd dollar tushum qilgan. Trampning kuchli sanksiyalari esa ilk kundayoq Rossiyaning ushbu yo‘nalishdagi daromidlarini xavf ostiga qo‘ygani haqida xabarlar chiqa boshlagandi. Chunki shundan keyin Hindiston darhol Rossiyadan xaridlarni qisqartirishini e’lon qildi. Xitoy bo‘lsa importni davom ettirsada, o‘zi shundoq ham chegimalar bilan olayotgan nefti uchun yana kattaroq chegirma talab qilishi mumkinligi taxmin qilindi. Bu esa Rossiya iqtisodiyoti uchun chinakam xavfdir.
Bularning barchasi esa, albatta, o‘sha qo‘pol Lavrovning chekiga tushishi tabiiy edi. Chunki hammasini u barbod qilgani voqealar rivojidan ko‘rinib turibdi. Esingizda bo‘lsa, oktyabr oyining o‘rtasida Putin va Tramp Vashington Ukrainaga Tomahawk berishga yaqin turganda o‘zaro telefon muloqotini o‘tkazib, Budapeshtda uchrashishga kelishib olgandi. Ammo oradan bir necha kun o‘tib, ularning Tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi suhbatdan keyin bu sammit ortga surildi. Lavrov va Rubio aslida sammit uchun tayyorgarlik masalasini muhokama qilib, shartlarni kelishib olishi kerak edi. Ammo pishay deb turgan osh tagiga oldi. Ko‘p ehtimol, Lavrov o‘zining qo‘rsligiga borib, AQSH Davlat kotibiga tepadan kelgan bo‘lishi mumkin. Rubio esa bu ohang va ultimatum ko‘rinishidagi shartlar haqida darhol Trampga hisob bergan va ushbu holat Moskva-Vashington o‘rtasidagi ziddiyat yangi bosqichga chiqishiga olib kelgan.
Umuman olganda, diplomatiyada shaxslarning xarakteri muhim ahamiyat kasb etadi. Rubioning shaxsiyati va uning siyosiy qarashlari esa ko‘pchilikka ma’lum. Senator bo‘lib yurgan paytlari Marko Putinning dunyo miqyosidagi eng ashaddiy tanqidchisi edi. U Rossiya siyosatini mutlaqo yoqlamas, Putinni esa urush jinoyatchisi deb atardi. Ammo Tramp administratsiyasida Davlat kotibi bo‘lib faoliyat yurita boshlagach, o‘z qarashlarini yangi ma’muriyat tepasidagi odamga moslab transformatsiya qildi. Lekin undagi mazkur o‘zgarish ko‘p ehtimol hozirgi lavozimi va Tramp siyosati tufayli ekanini unutmaslik lozim. Chunki AQSH Rossiya bilan 3 yildan buyon muloqot qilmayotgandi. Tramp esa bunga chek qo‘yib, muzokaralar uchun barcha resurslarni safarbar qildi. Qo‘shma Shtatlarning Bosh diplomati sifatida Rubio ham bu tendensiyaga ergashishi kerak edi. U shunday qildi ham. Senatdagi tinglovlardan birida uning o‘tmishda Putin haqidagi qarashlari nega o‘zgargani qattiq ohangda muhokama qilinganiga ham guvoh bo‘ldik. Rubio o‘sha suhbatda bir amallab Putinni harbiy jinoyatchi deyishdan qocha olgandi.
Ammo lahzalar, tezkor qarorlar va boshqa jihatlar ham diplomatiyaning ajralmas qismidir. Qarshisida Putin va uning Rossiyasini o‘tmishda eng ko‘p tanqid qilgan shaxs turganda, u bilan qanday muomala qilishni bilmagan bo‘lsa, bu faqat Lavrovning aybi. 75 bahorni urib qo‘ygan, diplomatiyada yarim asrdan ortiq tajribaga ega inson sifatida Lavrov kimga qanday gapirishni bilishi kerak edi. Boz ustiga, Rubio – AQSH Davlat kotibi. U quchoqlab ko‘rishish o‘rniga yelkasiga qo‘lini qo‘yish yoki shunga o‘xshash hurmatsizliklarni qabul qilmasligini tushunish uchun bu sohada 50 yillik tajriba kerak emas.
Kreml muammoni yashiryaptimi?
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Sergey Lavrov bilan hammasi joyida ekanini ma’lum qildi. U Prezident va vazir o‘rtasida tushunmovchilik paydo bo‘lgani haqidagi barcha xabarlarni rad etdi. Kreml so‘zamoli Sergey Lavrov o‘z vazifasini bajarashida davom etayotganini ta’kidladi. Peskov tez orada Lavrov o‘ziga tegishli bo‘lgan uchrashuv va yig‘inlarda ko‘rinish berishini aytdi. Kremlga aloqador “saroy jurnalistlari” ham Lavrovning ba’zi muhim uchrashuvlarda ishtirok etmagani oldindan kelishilgan, degan mazmundagi xabarlarni tarqatdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligidagi manbalar esa Lavrovning ayrim tadbirlarda qatnashmasligi “diplomatik vazifalarni qayta taqsimlash” bilan bog‘liq ekanini bildirdi. Chunki uning o‘rniga G20 sammitida qatnashishi belgilangan Oreshkin so‘nggi paytlarda iqtisodiy masalarda xalqaro doirada asosiy rolni bajarmoqda.
Eng qizig‘i, boshqa mustaqil manbalar ham Lavrov va Putin o‘rtasida Budapesht sammiti vaqtinchalik bekor bo‘lgani bois nizo kelib chiqqani haqidagi xabarlarga qo‘shilmayapti. Putinning Ukrainaga bosqinidan keyin omma oldida iste’foga chiqqan Rossiyaning BMTdagi doimiy missiyasining sobiq yuqori lavozimli diplomati Boris Bondarevning aytishicha, Lavrov shunchaki, Putinning qarashlarini yetkazuvchi vositachi, u bu doiradan chetga chiqmaydi. Bondarevga ko‘ra, Lavrov Prezidentning pozitsiyasiga mos kelmaydigan biror gap aytmaslik kerakligini juda yaxshi biladi.
Sergey Lavrovning o‘zi esa Putin va u o‘rtasidagi ehtimoliy nizo haqida taxminlar-u tahlillar ancha urchiganidan bir necha kun o‘tib, davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi. Bu esa Putin undan darg‘azab degan xabarlarni so‘zsiz rad etishga urinish sifatida baholandi. Davlat nazoratidagi RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida Lavrov Vashington bilan tinchlik muzokaralarida “ma’lum qiyinchiliklar yuzaga kelganini” aytdi, ammo o‘zi haqidagi so‘nggi xabarlarga izoh bermadi.
Lavrovning obro‘si ancha oldin tushgandi
Ba’zi insaydlarga ko‘ra, Lavrovning mavqeyi u haqidagi so‘nggi shov-shuvlardan ancha oldin tushib bo‘lgan. Ayrimlar uning bugungi Rossiya tashqi siyosatiga ta’sirini “0” deb baholaydi. Masalan, Rossiyaning Ukrainaga bosqini Lavrovsiz qabul qilingan qaror ekani oldindan ma’lum edi. Rossiyaning amaldagi Tashqi ishlar vaziri Ukrainaga bostirib kirish rejasi ustida bo‘lgan Putinning o‘ta zich doiradagi maslahatchilari qatorida bo‘lmagani aytiladi. Bu qaror hatto uni hayron qoldirgani haqida xabarlar ham talaygina.
Bundan tashqari, asosan 2025 yilda AQSH bilan munosbatlarda muhim rol o‘ynash orqali mashhurlikka erishgan Kiril Dmitriyev, ya’ni Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xorijiy davlatlar bilan sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili bugun Tashqi ishlar vaziri Lavrovning o‘rni va ta’siriga soya solayotgani aytilmoqda. Chunki, bilamiz, Kirill Dmitriyev Tramp ikkinchi bor hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, AQSH ichki doiralari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishni boshladi va uzoq vaqtdan beri Lavrovning ta’sirida bo‘lgan ushbu muhim sohada uning ulushini kamaytirdi.
Lavrov esa bunga chiday olmagani haqida xabarlar ko‘paygandi. Ba’zi manbalar u va Dmitriyev o‘rtasidagi yomon munosabatlar ancha paytdan buyon Kreml uchun bosh og‘rig‘iga aylangani, Moskva buni sir saqlashga urinishini ta’kidlaydi. Ammo mavjud nizo ba’zan Kreml devrolari tashqarisiga chiqqan holatlar ham bor. Masalan, AQSH va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida Ar-Riyodda o‘tgan uchrashuv chog‘ida Sergey Lavrov Kiril Dmitriyevni muzokaralar stolida ortiqcha sanab, unga qo‘yilgan stulni olib tashlash orqali Putinning yangi suyuklisini chetlatishga harakat qilgan.
Lavrov kim o‘zi?
Lavrov 1950 yilda Moskvada tug‘ilgan. U Moskva xalqaro munosabatlar institutida diplomatiya bo‘yicha tahsil olgan. Bu yerda sinhal tilini o‘rganib, diplomatik faoliyatini Shri-Lankada boshlagan. 1972 yildan 1976 yilgacha u Shri-Lankadagi SSSR elchixonasida tarjimon, keyin esa protokol boshlig‘i, shaxsiy kotib va Sovet elchisining yordamchisi kabi lavozimlarda ishlagan. 1976 yildan 1981 yilgacha SSSR Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro tashkilotlar departamentida uchinchi va ikkinchi kotib lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1981 yildan 1988 yilgacha SSSRning BMTdagi doimiy vakolatxonasida birinchi kotib, maslahatchi va katta maslahatchi sifatida ishlagan.
1990 yildan 1992 yilgacha u SSSR Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro tashkilotlar departamenti boshlig‘i, keyin esa Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro tashkilotlar va global muammolar departamenti direktori lavozimlarida ham ishlagan. 1992 yildan 1994 yilgacha Rossiya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lgan va bu bilan bir paytda Xalqaro tashkilotlar va xalqaro iqtisodiy hamkorlik departamenti, Inson huquqlari va xalqaro madaniy hamkorlik idorasi va MDH ishlari departamentini boshqargan. 1994 yil boshidan 2004 yilgacha u Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan.
2004 yil mart oyida u Igor Ivanovning o‘rniga Rossiya Tashqi ishlar vaziri bo‘ldi va bugungi kungacha shu joyda toshday qotdi. Rossiya tashqi siyosati degan uning timsoli Putin bilan salkam teng darajada tasavvur uyg‘oyatadi. Lavrov Rossiya Tashqi ishlar vaziri bo‘lganidan buyon mamlakatda naqd besh nafar bosh vazir o‘zgardi, lekin Lavrov hali ham o‘z joyida. Bundan tashqari, u 2004 yildan beri Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi hisoblanadi. Unga xizmatlari uchun qator mukofotlar, jumladan, “Vatanga xizmatlari uchun”, Mehnat Qahramoni va Birinchi chaqiriq Avliyo Endryu ordeni kabilar taqdim etilgan.
Lavrovning faoliyati asosan G‘arb siyosatchilari va jurnalistlarini omma oldida kamsitishi bilan esda qoladi. U Britaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Liz Trassni “kar” deb atagani va 2008 yilda Janubiy Osetiya masalasida Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Milibendni haqorat qilib, unga “sen kimsan, menga ma’ruza o‘qiysan?” deb aytgani keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, 2003 yilda, u BMTda ishlayotgan payt, o‘sha paytdagi bosh kotib Kofi Annan Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohda chekishni taqiqlashga uringanda aynan Sergey Lavrov bunga qarshi chiqqani ham ko‘p eslanadi.
Xabarlarga ko‘ra, u “BMT binosi barcha a’zo davlatlarga tegishli, bosh kotib esa shunchaki yollangan menejer”, deya taqiqni ochiqchasiga buzib yurgan.
Sergey Lavrovning Tashqi ishlar vaziri sifatida juda uzoq yillik muddati ham e’tiborni tortadi. U SSSR Tashqi ishlar vaziri Andrey Gromikodan keyin Rossiyaning eng uzoq vaqt xizmat qilgan Tashqi ishlar vaziri sanaladi. Umuman olganda Lavrov bu borada zamonaviy tarixda 3-o‘rinda turibdi. Birinchi o‘rinda, 43 yil bilan Saudiya Arabistonining sobiq tashqi ishlar vaziri Faysal bin Abdulaziz Ol Saud, ikkinchi o‘rinda o‘sha Andrey Gromika 28 yil bo‘lsa, Lavrov 21 yil bilan 3-o‘rinda turadi. Bugungi dunyo davlatlari Bosh diplomatlari orasida esa bu masalada unga teng keladigani yo‘q. Faqat muddat bobida u tengsiz. Boshqa hislatlar va salohiyat borasida bunday deb bo‘lmaydi.
Live
Barchasi