Rossiya neftining narxi tushib ketdi
Olam
−
10:31 3738 2 daqiqa
Rossiyaning asosiy eksport nefti bo‘lgan Urals markali neft narxi barreliga taxminan 34 dollargacha pasaydi. Bu AQSH tomonidan ushbu sohadagi eng yirik kompaniyalar – “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi joriy etilgan sanksiyalar fonida sodir bo‘ldi. Bu haqda kecha, 22 dekabr kuni Argus Media kompaniyasi ma’lumotlariga tayangan holda, “Bloomberg” agentligi xabar qildi.
19 dekabr kuni Boltiq dengizi portlaridan yetkazib berish sharti bilan Urals nefti barrelini 34,82 dollarga, Qora dengiz portlaridan esa 33,17 dollarga sotib olish mumkin bo‘lgan. Taqqoslash uchun, shu kuni etalon Brent nefti narxi 61 dollarni tashkil etgan. “Bloomberg” ta’kidlashicha, bir yil davomida Brent narxi Urals’ga nisbatan ancha kam pasaygan, bu esa sanksiyalar ta’sirini ko‘rsatadi.
Argus ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Rossiyadan jo‘natilayotgan Urals neftiga berilayotgan chegirma o‘rtacha barreliga 27 dollarni tashkil etmoqda. Neft Hindistonga yetib borgach, chegirma taxminan 7,5 dollargacha qisqaradi. Shu bilan birga, “Bloomberg” yozishicha, Rossiya neftining juda arzon narxlari ayrim neft qayta ishlash zavodlarini sanksiyalarga e’tibor bermasdan uni sotib olishga undamoqda.
“Bloomberg” 16 dekabr kuni Argus Media ma’lumotlariga tayanadigan holda, Rossiya eksportchilari Boltiq, Qora va Yapon dengizlari portlaridan jo‘natilgan neft uchun o‘rtacha barreliga 40 dollardan sal ko‘proq daromad olayotganini yozgan edi. O‘shandayoq agentlik “Rossiya nefti narxlari Ukrainadagi urush boshlanganidan beri eng past darajaga tushgani”ni qayd etgan.
Rossiyaning neft qazib oluvchi kompaniyalari “Lukoyl”, “Rosneft” va ularning 34 ta shu’ba korxonasi joriy yil oktyabr oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini davom ettirayotgani fonida AQSH va Buyuk Britaniya sanksiyalariga tushgan. AQSH hukumati bu qarorni “Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqishi yo‘qligi” bilan izohlagan.
18 dekabr kuni esa Buyuk Britaniya hukumati 24 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ular orasida “Tatneft”, “Russneft”, “Rusneftegaz” va “NNK-Oyl” kabi kompaniyalar ham bor. Shu kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaning “soya floti”ga mansub 41 ta tankerni qora ro‘yxatga kiritdi. Natijada sanksiya ostidagi kemalar soni 600 taga yaqinlashdi.
Live
Barchasi