YPXdan qochib, mashinalarni majaqlagan qora Gentra bo‘yicha yana ma’lumot berildi

3-sahifa

image

Joriy yilning 19 aprel kuni Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisasini sodir etib, hodisa joyidan yashirinishga uringan davlat raqam belgisiz harakatlanib kelayotgan Gentra 5 ta mashina bilan to‘qnashgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mashinaning old o‘rindig‘ida bo‘lgan fuqaro O.J. otasi nomida bo‘lgan Gentra rusumli avtomashinani (davlat raqami yechilgan) tanishi, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan S.P.ga boshqarish uchun taqdim qilgan, orqa o‘rindig‘ida ularning uch nafar ayol tanishi – P.G., Q.D., R.B.lar bo‘lgan.

Xabarda ular Chilonzor tumani TXAY-Chorbog‘ ko‘chasida tartibsiz harakatlanib, dastlab Damas rusumli avtomashinani urib yuborib, shikast yetkazgani qayd etilgan. Ammo voqeaga guvoh bo‘lgan YPX xodimi 2 ta Damas avtomobiliga texnik shikast yetkazganini aytgan edi.

Shunda ushbu yo‘nalishda xizmat olib borayotgan YHXB xodimlari ularga to‘xtash buyrug‘ini bergan bo‘lsa-da, S.P. bunga bo‘ysunmasdan, J.O.ning ko‘rsatmasi bo‘yicha harakatni davom ettirgan. Oqibatda u Cobalt va 2 ta Gentra rusumli avtomobillar bilan to‘qnashuv sodir qilib, haydovchilarga tan jarohati va avtomashinalarga shikast yetkazgan, so‘ng Matiz rusumli avtomashina (jami 5 ta avtomashina) bilan to‘qnashuv sodir qilib, boshqaruvni to‘xtatgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda fuqarolar S.P. va J.O. nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b” bandi (o‘zganing mulkiga shikast yetkazish) va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, ushbu hodisa yuz bergach, mashina to‘xtatilgan, avtomobil ichidagilar ularni IIB binosiga olib ketmoqchi bo‘lgan IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan. Shuningdek, shu yerda bo‘lgan fuqarolar ularga baqirgani uchun barchani haqorat qilishgan. Buning ortidan bo‘lib o‘tgan sudda ularning har biri Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Sud qaroriga ko‘ra, mashinaning orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan G.P , B.R. hamda D.Q.larga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida – 375 ming so‘m jarima jazosi hamda kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish) tartibida og‘irroq jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida uzil-kesil 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

YPX YHXB bezorilik qora Gentra

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing