YPX, PPX va qo‘riqlash xizmatlariga o‘zaro qo‘shimcha vakolatlar beriladi
Jamiyat
−
29 iyun 5369 2 daqiqa
O‘zbekistonda yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlariga o‘zaro qo‘shimcha vakolatlar berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 29 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmati xodimlarining xizmat yo‘nalishi va hududidan qat’i nazar aholi murojaatiga tezkor munosabat bildirishi juda muhim. Jinoyatchilikning oldini olishda huquqbuzarlik omillarini barvaqt aniqlash, ularni bartaraf etish hamda xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash eng samarali profilaktika hisoblanadi.
Shu bilan birga, jinoyatchilikni baholashda raqamlar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to‘liq voz kechilmagani ko‘rsatib o‘tilgan. Shu bois, kriminogen vaziyatni baholashda faqat statistik ko‘rsatkichlarga tayanish emas, balki aholi ishonchi, huquqbuzarliklarning qayta sodir etilishi, xavf guruhidagi shaxslar bilan ishlash natijadorligi asosiy mezon bo‘lishi zarurligi qayd etilgan.
Taqdimotda jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilingan. Bosh maqsad – aholining jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan roziligi va ishonchiga erishish.
Buning uchun profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi qo‘riqlash xizmatining mansabdor shaxslari tomonidan ko‘rib chiqilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi