Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi
Jamiyat
−
27 yanvar 5470 5 daqiqa
Bugun, 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda aholining tinch va osoyishta hayoti hamda mol-mulki daxlsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, ilg‘or xorijiy tajriba asosida zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri ham aynan shu sanaladi.

Davlat rahbarining 2025 yildagi tegishli farmon va qarori ijrosi doirasida Qo‘riqlash departamenti Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlari tizimiga o‘tkazilgan. Ushbu farmon va qarorda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida aniq rejalar ishlab chiqilib, tegishli choralar ko‘rilgan.
Texnik qo‘riqlashni tashkil etish va aholiga texnik qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatishning yangi tizimlari joriy etilgan.

Xususan, ko‘p qavatli uylarning yo‘laklariga “tashvish” tugmalarini o‘rnatish orqali qo‘riqlash naryadlarining qamrovi ostidagi xonadonlar soni keskin oshirilgan, himoya orderi berilgan ayollarning xavfsizligini ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Ob’ekt va xonadonlarni qo‘riqlovga olish ishlarida ichki ishlar organlarining tegishli xizmatlari bilan hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada qo‘riqlanayotgan ob’ektlarning soni yil davomida 99 foizga, qo‘riqdagi xonadonlarning soni esa 118 foizga oshgan. Texnik qo‘riqlash markazlarining soni 19 foizga, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tezkor harakatlanuvchi guruhlarning soni esa 15 foizga oshgan.

Davlat rahbari xizmat binosi hovlisida xizmatda qo‘llanilayotgan maxsus texnika vositalari, dronlar manyovri, jamoat tartibini saqlashga jalb etiladigan transport vositalarini ko‘zdan kechirgan.
So‘ng qo‘riqlash texnika vositalarining ko‘rgazmali taqdimoti bilan tanishilgan. Bu yerda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish va uni izchil rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha axborot berilgan.

Davlat rahbarining 2023 yildagi tegishli qarori bilan belgilangan aniq mexanizmlar amaliyotga joriy etilishi natijasida respublika miqyosida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Ko‘rgazma maydonchasida yuridik va jismoniy shaxslarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o‘rnatilgan videokuzatuv tizimlari hamda turli xil kameralarning real vaqtda ishlash jarayoni namoyish etilgan, ularning texnik imkoniyatlari tushuntirilgan va amaliy tavsiyalar berilgan.

Taqdimot doirasida aylanma kameralar, yuz qiyofasidan shaxsni aniqlovchi kameralar hamda davlat raqam belgisini aniqlovchi kameralarning imkoniyatlari ko‘rsatilgan. Ushbu texnik vositalar mahallalar, jamoat joylari, ob’ektlar, ta’lim muassasalari, shuningdek, shahar va tumanlarning kirish-chiqish nuqtalariga o‘rnatilmoqda.
Bugungi kunda barcha hududiy ichki ishlar boshqarmalarida sun’iy intellekt asosida hududlarni onlayn kuzatish, tezkor qidiruv ishlarini olib borish, kuch va vositalarni boshqarish hamda jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etishga xizmat qiluvchi “Qalqon” axborot tizimi to‘liq ishga tushirilgan.

Davlat rahbari ichki ishlar va qo‘riqlash xizmati ishlarni mahalladan boshlashi, xonadonlarning holatini o‘rganib, ularning xavfsizligini ta’minlashi zarurligini alohida ta’kidlagan. Toshkent megapolis shahar ekanini inobatga olgan holda, qonunbuzarlik va jinoyat omillarini muntazam tahlil qilish kerakligiga e’tibor qaratgan.
“Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida yagona platforma, 13 ta ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, yagona elektron xarita, 42 ming 750 ta intellektual kamera hamda 17 ta yong‘in xavfsizligi monitoringi tizimi faoliyat yuritmoqda. Ushbu tizimlar konsepsiyaning asosiy tarkibiy qismini tashkil etadi.

Joriy yilda ham vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda intellektual transport tizimlari, avtoturargohlarni boshqarish, ekologik va seysmologik monitoring, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish tizimlarini joriy etish va integratsiyalash ishlari davom ettirilayotgani ma’lum qilingan.
Huquqni muhofaza qiluvchi va davlat organlarining “Xavfsiz shahar” yagona platformasi texnik imkoniyatlaridan uyg‘un foydalanishi natijasida bir necha yuz milliard so‘m byudjet mablag‘lari tejalayotgani qayd etilgan. “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi xalqaro darajada ham katta qiziqish uyg‘otayotgani ma’lum qilingan.

Shu bilan birga, yaratilgan shart-sharoitlar natijasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Raqamlashtirish departamenti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino qurilishi boshlangani ma’lum qilingan. Yil yakuniga qadar tarmoq qamrovini yanada kengaytirish, sun’iy intellekt asosida kamida to‘rtta yangi tizimni platformaga ulash hamda raqamlashtirish darajasini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan.
Prezident hozirgi kunda jinoyatchilik shakllari va omillari o‘zgarayotgani, ammo ularga mos tizim va choralar yetarli emasligini qayd etgan. Ayniqsa, kiberxavfsizlik yo‘nalishida jinoyatlar ko‘payib borayotgani va ushbu xavflarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar jadallashtirilmasa, aholi uchun jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

Bu borada salohiyatli kadrlar yetishmasligi asosiy muammo ekani, bank va ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularni muntazam o‘qitishga alohida e’tibor qaratish zarurligini bildirgan. Shuningdek, videokuzatuv tizimlarini joriy etishda ularni o‘rnatadigan va samarali boshqaradigan mutaxassislarni tayyorlash, davriy o‘quvlarni tashkil etish muhim ekanini ta’kidlagan.
Shundan so‘ng Toshkent shahrida tashkil etilgan “Xavfsiz ko‘cha”, “Xavfsiz yo‘lak” hamda gastronomik yo‘laklarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan ham tanishilgan.
Tashrif davomida Qo‘riqlash xizmati xodimlarini soha bo‘yicha o‘qitish jarayoni, profilaktika inspektorlari bilan o‘tkazilayotgan amaliy mashg‘ulotlar ko‘zdan kechirilgan.
Davlat rahbariga Situatsion markaz faoliyati taqdimoti orqali xavfsizlikni ta’minlashda zamonaviy boshqaruv va monitoring tizimlarining o‘rni haqida ma’lumot berilgan.
Situatsion markaz Qo‘riqlash xizmatining bo‘linmalari harakatlarini nazorat qilish, monitoringini yuritish, tezkor va favqulodda vaziyatlarda Qo‘riqlash xizmati kuch vositalarini boshqarish, yo‘naltirish va onlayn kuzatish maqsadida tashkil etilgan.
Live
Barchasi