YPX xodimini kaltaklagan oila qamoqqa olindi (video)
3-sahifa
−
02 may
18517Avvalroq, Surxondaryo viloyati Denov tumanida bir guruh ayollar yo‘l-patrul xizmati inspektorini kaltaklagani xabar qilingan edi. Mazkur holat yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 1 may kuni Denov tumani Mustaqillik ko‘chasida xizmat olib borayotgan yo‘l-patrul xizmati inspektorlari safdor Hayitmurodov va safdor Yo‘ldoshov shaharning O‘zbekiston va Mustaqillik ko‘chalarida joylashgan chorrahada yo‘ldagi boshqa harakat ishtirokchilarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, noto‘g‘ri manyovr bilan harakatlangan Lacetti rusumli avtomashinani to‘xtatgan.
Safdor Haydarov haydovchiga huquqbuzarlikni tushuntirib, tegishli hujjatlarini taqdim etishini so‘ragan vaqtida haydovchi xodimlarning qonuniy talabini bajarmasdan, hujjatlarini taqdim etmay, jamoat joyida faol qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng Hayitmurodov avtomashinani evakuator yordamida jarima maydoniga olib ketmoqchi bo‘lgan. Haydovchi esa turmush o‘rtog‘i, qaynotasi, qaynopasi va qaynukalarini telefon orqali chaqirib, Yo‘ldoshevni bo‘ynidan bo‘g‘ib, tan jarohati yetkazgan va bodi-kamerasini yulib olgan.
Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Denov tumani prokuraturasi va Ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, huquqbuzarlar protsessual tartibda ushlangan va qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
“Biz hayajonga berilgan holda xodimni yoqasidan ushlab, tortib, haqoratlab, kiyimlarini yirtib tashladik. Hech kimga bu maslahatni bermayman. Qilgan ishimdan ming pushaymonman. Sizlardan, xalqdan kechirim so‘rayman”, deya kechirim so‘radi ayollar.
Bildirilishicha, hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha ishtirokchilar qamoqqa olingan. Ushbu holatni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirib, boshqacha mazmunda tarqatganlarga ham ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1952-moddasi bilan chora ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida qoidabuzar fuqaro xizmat vazifasini olib borayotgan xodimlarni haqoratlagandi. Ushbu harakat Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudida sayyor sud tartibida ko‘rib chiqilgan. Qoidabuzar fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasining (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan va unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish) bilan 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi