“Yoshlar” telekanalida efir vaqtida Ukraina bayrog‘i xiralashtirildi. Kanal rasmiy izoh berdi
Jamiyat
−
30 avgust 2022
45387Bugun, 30 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda futbol bo‘yicha Ispaniya chempionati o‘yinini yoritgan “Yoshlar” telekanalida Ukraina bayrog‘i xiralashtirib qo‘yilgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur vaziyatga telekanal rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, futbol bo‘yicha Ispaniya chempionati doirasidagi o‘yinlar 26 avgustdan boshlab “Yoshlar” telekanali orqali jonli efirga uzatilmoqda. Shu kunga qadar LaLiga'ning 8 ta o‘yini namoyish etildi. Futbol bahslari namoyishi davomida kadrlarga hech qanday qo‘shimcha effektlar qo‘llanilmaydi.
Muhokamalarga sabab bo‘lgan holatga to‘xtalib, telekanal ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat esa “Yangi Davr” informatsion dasturining sport xabarlari blokidan olinganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, bu holat yuzaga kelishi sabablari aniqlashtirilganda, lavhani tayyorlagan montajchi “Real Madrid” jamoasi o‘ynayotgan futbolda Ispaniya bayrog‘i o‘rniga Ukraina bayrog‘i xato qo‘yilgan deb o‘ylab, bu “xatolik”ni o‘zboshimchalik bilan to‘g‘irlamoqchi bo‘lgani va shu maqsadda berkitgani ma’lum bo‘lgan. Bosh muharrir ko‘rik paytida bu holatga e’tibor bermay, lavhani efirga uzatishga ruxsat bergan. Bu bo‘yicha aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.
“Yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so‘raymiz va ushbu holatga siyosiy tus bermaslikni iltimos qilamiz.
Futbol namoyishini telekanalimiz orqali kuzatayotgan va kamchiliklarimizga befarq bo‘lmagan barchaga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.