“Yil imomi – 2024” g‘olibi aniqlandi. Unga Haj yo‘llanmasi berildi
Jamiyat
−
14 noyabr
7609O‘zbekistondagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar o‘rtasida kecha, 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan “Yil imomi – 2024” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichida “Homiddin qori” jome masjidi imom-xatibi Muhammad Bobur domla Nasriddinov 1-o‘rinni egalladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar imom domla o‘zaro bellashgan. Musobaqa ishtirokchilariga Qur’oni karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollar berilgan. Shuningdek, mehnat faoliyatlari davomida amalga oshirgan ishlari va OAVlarda e’lon qilingan ijodlarini namoyish etgan.
Tanlov natijalariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarga munosib deb topilgan:
1-o‘rin – Namangan viloyati “Homiddin qori” jome masjidi imom-xatibi Muhammad Bobur domla Nasriddinovga I darajali diplom va Haj safari yo‘llanmasi;
2-o‘rin – Toshkent shahridagi “Firdavs” jome masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorovga II darajali diplom va 16 million so‘m pul mukofoti;
3-o‘rin – Toshkent viloyati “Chanoq” jome masjidi imom-xatibi Yoqub domla Buxarbayevga III darajali diplom va 13 million so‘m pul mukofoti berilgan.
Bundan tashqari, tanlovning “Yilning eng fidoiy imomi” Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Mulla Ishoq” jome masjidi imom-xatibi Oltinbek domla Zinullayev va Xorazm viloyati “Mirhoshim bobo” jome masjidi imom-xatibi Ollabergan domla G‘oyipovga nasib etgan.
Eslatib o‘tamiz, “Yil imomi – 2023” ko‘rik tanlovi g‘olibligini Toshkent shahridagi “Xolid ibn Valid” jome masjidi imom-xatibi Isroiljon domla Ismoiljonov qo‘lga kiritgandi va unga ham Haj safari yo‘llanmasi topshirilgandi.
LiveBarchasi