Yil boshidan beri noqonuniy ov qilgan 300 ga yaqin kishi jazolandi

3-sahifa

image

2024 yilning birinchi yarmida ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish bilan bog‘liq 298 nafar shaxsga nisbatan 957 mln so‘mlik jarima belgilandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida “O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi”ning Andijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari bo‘linmalari tomonidan ov yo‘llanmalarining to‘liq qaytarilishi nazoratga olinmagani ma’lum bo‘lgan. Oqibatda ovchilar tomonidan 2020-2022 yillar davomida jami 9690 ta ov yo‘llanmalari “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablariga zid ravishda foydalanilganidan so‘ng qaytarilmagan. Buning ortidan ov yo‘llanmalaridan takroriy foydalanish hamda noqonuniy ov qilishga sharoit yaratib berilgan.

Ekologiya vazirligi fuqarolardan kelib tushgan ko‘p sonli murojaatlar asosida birlashmaning Sirdaryo viloyati bo‘limi faoliyatini o‘rganganida esa ov xo‘jaligining ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomasi amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrda tugagan bo‘lsa-da, xo‘jalik tomonidan 2023 yil davomida 25 ming bosh hayvonlarni ovlash uchun noqonuniy yo‘llanmalar sotilgani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasi talablariga zid ravishda 20 ta holatda mazkur xo‘jalik tomonidan sotilgan ruxsatnoma asosida ovchilar tomonidan taqiqlangan muddatlarda 49 ta yovvoyi qush ovlangan.

Shunday qilib, 2024 yilning I va II choraklarida ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish bilan bog‘liq 287 ta holatda 298 nafar shaxsga nisbatan 957 mln so‘mlik jarima belgilangan. Taqqoslash uchun, 2023 yildagi nazorat tadbirlarida respublika bo‘yicha ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish bilan bog‘liq jami 997 ta holat aniqlangan va 995 nafar shaxsga nisbatan 1,7 mlrd so‘mlik choralar ko‘rilgan.


Maqola muallifi

Teglar

baliq ov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing