Toshkentda harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan yigitlarga “ov” boshlandimi?

Jamiyat

−

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 17-18 yoshli, harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan yigitlarni ommaviy qidirish ishlari boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Ularda Olmazor, Chilonzor va Yangihayot tumanlari hokimlari tegishli qarorlarni imzolagani, oktyabr-noyabr oylarida yoshlarni harbiy ro‘yxatga olish va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgani aytilgan. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmagan yigitlarni aniqlash va chaqiruv punktlariga olib borishda mas’ul xodimlar yordam berishi haqida ma’lumot berilgan. Mazkur xabarlar yuzasidan Toshkent shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunining 18-moddasiga ko‘ra, ushbu jarayon fuqarolarni harbiy ro‘yxatga olish, ularning sonini aniqlash, harbiy xizmatga yaroqlilik darajasi, umumta’lim va jismoniy tayyorgarligini o‘rganish maqsadida amalga oshiriladi.

Qonunchilikka muvofiq, qayd etish ishlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarining oxirgi o‘quv yilida, oktyabr-noyabr oylarida o‘tkaziladi.

Hokimlikning bildirishicha, chaqiruv uchastkalarida qayd etish harbiy xizmatga darhol chaqirish degani emas. Bu harbiy hisobga olish va tegishli ma’lumotlarni aniqlashtirish jarayoni hisoblanadi. Harbiy xizmatga chaqirish esa qonunchilikda belgilangan alohida tartib asosida amalga oshiriladi.

Toshkent shahar hokimining joriy yilning 5 oktyabrdagi 502-14-0-Q/26-son qarori qayd etish ishlarini o‘z vaqtida va tizimli tashkil etish, mas’ul tashkilotlar hamkorligini ta’minlash hamda tibbiy ko‘riklarni belgilangan tartibda o‘tkazishga qaratilgan.

Jarayonda tuman mudofaa ishlari bo‘limlari, ta’lim muassasalari, tibbiyot tashkilotlari va mahallalar hamkorligi nazarda tutilgan.

Hokimlik barcha tadbirlar amaldagi qonunchilikda belgilangan vakolat va tartiblar doirasida o‘tkazilishi, fuqarolarga esa jarayonning maqsadi va tartibi tushuntirilishi lozimligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing