O‘zbekistonda baliq ovlash pulli bo‘ladimi?
Jamiyat
−
19:40 852 2 daqiqa
O‘zbekistonda umumiy foydalanishdagi suv havzalarida 5 kilogrammacha baliqni bepul ovlash imkoniyati bekor qilinmaydi. Bu haqda Baliqchilik qo‘mitasi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 5 kg gacha baliq ovlash ham pulli bo‘lishi haqida turli xabarlar tarqalgandi. Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, umumiy foydalanishda bo‘lgan suv havzalarida taqiqlanmagan qurol va usullardan foydalangan holda 5 kilogrammacha baliqni bepul ovlashga ruxsat etiladi. Ushbu tartib o‘zgarmaydi va baliq ovlashning mazkur turi pulli qilinmaydi.
Shu bilan birga, Prezidentning joriy yilning 2 iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 122-son Farmonining 3-ilovasi 4-bandida sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm uchun tashkil etilgan xizmatlarni yagona tizimga jamlash ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, sport-havaskor baliq ovlash uchun sharoit yaratgan xo‘jaliklar o‘z xizmatlarini ixtiyoriy ravishda yagona platformaga joylashtirishi mumkin. Unda suv havzasining manzili, baliq ovlash uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud xizmatlar, bir kunlik baliq ovlash narxi hamda bo‘sh joylar va ularning bandligi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Havaskor baliq ovlovchilar “Fishermen ID” tizimi orqali o‘ziga qulay hududni tanlashi, sharoit va narxlar bilan tanishishi hamda bo‘sh joylarni oldindan band qilishi mumkin. Xizmat uchun to‘lov amalga oshirilgach, elektron QR-kodli chek taqdim etiladi.
Fuqaro ushbu chek asosida belgilangan kuni borib, xo‘jalik tomonidan sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm uchun tashkil etilgan sharoitlardan foydalanadi. Baliqchilik qo‘mitasi mazkur tizim umumiy foydalanishdagi suv havzalarida bepul baliq ovlash imkoniyatini bekor qilmasligini bildirgan.
“Tizimning asosiy maqsadi – baliq ovlashni istagan fuqarolarga sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm uchun yaratilgan mavjud xizmatlar, ularning joylashuvi, sharoitlari, narxlari va bo‘sh joylari haqida yagona platforma orqali qulay va ochiq ma’lumot olish imkoniyatini yaratishdan iborat”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil 1 avgustdan 2028 yil 1 yanvargacha yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan ayrim yovvoyi hayvonlarni ovlashga taqiq joriy etilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi