O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna baliq yetishtirish rejalashtirilyapti
Jamiyat
−
20 Oktyabr 581 2 daqiqa
O‘zbekistonda intensiv usuldagi baliqchilikni kengaytirib, yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda bugun, 20 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish va energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish bo‘yicha taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, mamlakatda intensiv usuldagi baliqchilikni kengaytirib, yiliga 1 million tonna baliq yetishtirish vazifasi qo‘yilgan. Taqdimotda bu maqsadga erishish uchun meliorativ tik quduqlar imkoniyatidan foydalanish rejalari Baliqchi tumani misolida ko‘rib chiqilgan.
Tumandagi 24 ta quduq atrofida chavoq va ozuqa ta’minotidan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi intensiv baliqchilik majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan. Har bir 50 sotixlik loyihada yiliga kamida 30 tonna forel balig‘ini yetishtirish va 10 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Loyihalarni yagona tizimda boshqarish uchun baliqchilik xoldingini tashkil etish taklif qilingan.
Baliqchi tajribasini boshqa hududlarga tatbiq etish maqsadida 2027 yil 1 martga qadar respublikadagi 4 mingdan ziyod meliorativ tik quduqni xatlovdan o‘tkazish topshirilgan. Baliq yetishtirishga yaroqli quduqlarni ilg‘or tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Xonobodda sovuq suv baliqlarini yetishtirish va qayta ishlash, Ulug‘norda esa suv havzalari negizida baliqchilik loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida axborot berilgan.
Taqdimotning ikkinchi qismi Baliqchi tumani misolida limonchilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan. Tumandagi to‘qqizta mahalla atrofidagi 100 gektar maydonda energotejamkor issiqxonalar qurib, ularni tayyor holda tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda. Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va sotish ishlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtiriladi.
Loyihaga ishsiz va kambag‘al oilalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 ta issiqxonada mahalliy oilalardan kamida 1 ming nafar kishi ish bilan ta’minlanadi. Limon ko‘chatlari hosilga kirguniga qadar oraliq ekinlar yetishtirish orqali qo‘shimcha daromad olish mumkin bo‘ladi.
Baliqchi tajribasi asosida kelgusi yil hududlarda jami 200 gektar maydonda kambag‘al oilalar va ishsizlar uchun energotejamkor issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ikki mingta oilaning daromadini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Taqdimot yakunida davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholini baliqchilik va limonchilikka o‘qitish xarajatlarini qoplab berish choralarini ko‘rish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi20 Oktyabr