Subsidiya va elektron auksion: baliqchilarga yangi imtiyozlar berilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2026-2027 yillar baliqchilik sohasida ustuvor davr etib belgilandi. Bu haqda Prezident joriy 2 iyulda imzolagan “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra:

  • baliq yetishtirish hajmi 500 ming tonnaga, sovuq suv baliqchiligi esa 20 ming tonnaga yetkaziladi;
  • Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi;
  • 2027 yildan suv omborlari va tabiiy suv havzalari ochiq elektron auksion orqali ijaraga beriladi;
  • tadbirkorlarga quyosh panellari, aeratorlar, naslli ona baliqlar importi, yopiq suv aylanish tizimlari (UZV) hamda omuxta yem ishlab chiqarish uskunalari uchun subsidiyalar va kompensatsiyalar ajratiladi;
  • baliqchilik xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilib, xorijiy mutaxassislarni jalb etish ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Ushbu islohotlar baliqchilikni zamonaviy, raqobatbardosh va yuqori samaradorlikka ega tarmoqqa aylantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholini sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmon bilan Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi. Yangi markaz baliqchilik sohasida yagona davlat boshqaruvi tizimini yo‘lga qo‘yish, suv ob’ektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish hamda tadbirkorlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, markaz huzurida Baliqchilikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ham tashkil etilib, sohani moliyaviy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlari joriy etiladi.

Mazkur tizim baliqchilik tarmog‘ini zamonaviy boshqaruv asosida rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va sohada yangi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing