Baliqchilikka millionlab pul va soliq imtiyozlari berilyapti. Mirziyoyev nimani ko‘zlagan?
Jamiyat
−
20 dekabr 2021
8307O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishi va inflyatsiya jarayonini kuzatib boryapti va bu tendensiyaning mamlakatga salbiy ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalarni bermoqda. Bu haqda davlat rahbari huzurida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bu boradagi ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida baliqchilik sohasini rivojlantirish va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z borgan.
Prezident jahondagi tendensiyani hisobga olib, viloyat hokimlariga hududidagi nafaqat baliqchilik, balki chorvachilik, sabzavotchilik va boshqa sohalardagi mavjud muammolarning yechimini ham ko‘rsatib bergan hamda ular yetarli mablag‘ bilan ham ta’minlangan.
Baliqchilik masalasida uchta muhim yo‘nalish ko‘rsatib o‘tilgan. Bular:
Birinchisi, baliqchilik sanoatini rivojlantirish orqali ishsiz aholini ish bilan band qilish;
Ikkinchisi, davlatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Bu mamlakat zaxiralarini shakllantirish uchun muhim. Masalan, go‘sht ta’minoti bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lganda baliq, parranda va boshqa mahsulotlar vaziyat tiklanguncha, uning o‘rnini to‘ldirishi inobatga olinmoqda.
Uchinchisi, baliqning inson salomatligidagi o‘rni. Baliq mahsulotlarining aholi iste’molidagi ulushini oshirish asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi.
Yig‘ilishda davlat yetarli mablag‘, soliq imtiyozlari va xorijiy tajriba bilan ta’minlashi, hokimlar faqatgina barcha imkoniyatlardan foydalangan holda aholi orasida baliqchilikni rivojlantirishi kerakligini urg‘ulagan.
Prezident ixtiologlar bilan maslahatlashib, aynan aholiga baliq yetishtirishni o‘rgatish, ularga baliq chavoqlarini yetkazib berish va ularni boqishni o‘rgatish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu ishlarga esa hokimlar boshchilik qilishi belgilangan.
Yig‘ilishda baliq yetishtiruvchilarga quyidagi imtiyozlar berilishi ta’kidlandi:
• xonadonlarda kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ortiq baliq yetishtirgan klasterlar uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod etiladi;
• uyida baliq yetishtiruvchilar uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kredit miqdori 2 barobarga oshiriladi va kelgusi yilda 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi;
• baliq yetishtiruvchi xonadon egalari uchun yer va mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilib, ular o‘zini o‘zi band qilgan aholi toifasiga o‘tkaziladi;
• xorijdan mutaxassis olib kelgan baliqchilik klasterlariga xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 1 gektar yerda baliq yetishtirish xarajatlari, bunda aerator, baliq chavoqlari, yemlari ham inobatga olingan, 190 mln so‘mga aylansa, olinadigan foyda 300 mln so‘m bo‘ladi.
Baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror ham qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
LiveBarchasi