Yig‘layotgan Vinisius yoxud irqchilik
Sport
−
24 may 2023
8205Ratsizm yoki irqchilik – bu irqiy kamsitish siyosati, ya’ni inson irqlarining jismoniy va ruhiy jihatdan har xilligi, irqiy tafovutlarning jamiyat tarixi va madaniyatiga qal qiluvchi ta’siri, odamlarning azaldan oliy va past irqlarga ajratilganligi haqidagi qoidalarga asoslangan mafkura hisoblanadi. Irqchilik xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilingan bir qancha hujjatlarda, jumladan, irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyada keskin qoralangan.
Yaqindagina Madridning “Real” klubi futbolchisi Vinisius Junior irqchilik “qurbon”iga aylandi. Vinisius Junior Ispaniya chempionatining 35-turi doirasidagi o‘yinda “Valensiya” muxlislari tomonidan haqorat qilganidan so‘ng, ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Braziliyalik futbolchi o‘yin davomida muxlislar tomonidan aytilgan “maymun” va “Viniga o‘lim” kabi haqoratlarga duch keldi.
Ratsizm bugungi kunda nafaqat futbol, balki butun dunyoni qiynayotgan holatlardan biri. Ispaniyaning irqchi aholisi bu safar ham yana “Real” a’zosi Vinisiusga qarata o‘z toshlarini otdi. Bu safar Vini chiday olmadi. Ko‘zlariga yosh olib, maydonni tark etgisi keldi. Xayolidan bu irqchi yurtdan bosh olib ketish fikri ham o‘tdi. Vaziyat juda murakkab tus oldi. Vini bilan bo‘gliq holatga hatto FIFA prezidenti ham o‘z munosabatini bildirib, bunday vaziyatda “Valenciya” – “Real” o‘yinida ishlagan hakam kerak bo‘lsa, o‘yinni to‘xtatishi, bahsni bekor qilishi kerakligini ta’kidladi. “Real” muxlislari baxtiga Vini Junior klubdan ketmaslikka qaror qildi.
Braziliyalik futbolchi bilan bog‘liq holat butun dunyoda har soatda, kerak bo‘lsa har soniyada kuzatiladi va ratsizm futboldagi jozibadorlikka soya solishda davom etmoqda. Holat yuzasidan Vinitsius Juniorning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Bu ko‘p bor takrorlandi. Irqchilik La Ligada oddiy holga aylangan. Liga chora ko‘rmayapti va irqchilar bundan foydalanyapti. Afsuski, Ronaldino, Ronaldo, Krishtianu va Messilar porlagan chempionat endi irqchilarnikiga aylandi. Ispanlardek ajoyib millat hozirda ratsizmga qarshi chiqmayapti. Har hafta ro‘y beradigan bu holatdan menda himoya yo‘q. Men kuchliman va irqchilarga bosh egmayman. Kerak bo‘lsa, bu yerdan uzoqlashaman”.
Vinicius bilan bog‘liq holat bo‘yicha o‘zbek sport jurnalistlarining fikriga ham qiziqdik.
“Albatta, Vinisius boshqa klub vakillariga yoqmasligi mumkin. Lekin butun dunyoda irqchilikka qarshi kurashilayotgan paytda har o‘yinda, butun sektorlab ochiqchasiga maymun deb baqirilishi g‘alati holat. Bunga kompleks chora ko‘rilmasa La Liga imidji keskin zarar ko‘rishda davom etadi”, deb yozdi Davron Fayziyev o‘z Telegram sahifasida.
Bevosita bahsni sharhlab borgan Xayrulla Hamidov ham holat bo‘yicha o‘z munodabatini bildirdi.
“Vinisius texnar futbolchi. Ispaniyada irqchilik oldindan bo‘lgan. Oldin ham Ispaniyada qora tanli futbolchi gol ursa, masxara qilishgan. Kerak bo‘lsa, Krishtianu Ronalduni ham irqiy tomondan kamsitishgan.Ronaldu esa gol urib, ustidan kulganlarni “og‘ziga urgan”, deydi Hamidov.
Ispaniya sport musobaqalari qo‘mitasi (RFEF) ko‘p soatlik muhokamalardan so‘ng Vinisiusni diskvalifikatsiyani bekor qilishga qaror qildi. Sababi “Real” – “Valensiya” uchrashuvi hakami voqea haqida, jumladan, uning asosiy qismi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmagani uchun epizodga noto‘g‘ri baho bergan.
Bahsli epizodda Vinisisus raqib futbolchisi Ugo Duroni urishidan oldin, “Valensiya” a’zosi braziliyalik futbolchini bo‘g‘ib olgandi. Bosh hakam Rikardo Bengoechea videotakrorni ko‘rib, braziliyalik futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatgan, Duroning harakatlarini esa e’tiborsiz qoldirgan.
Shu tariqa, braziliyalik futbolchi 24 may kuni “Rayo Valekano”ga qarshi o‘yinda ishtirok etishi mumkin.
Ispaniya chempionatining 35-turidan o‘rin olgan “Valensiya”ga qarshi o‘yinda (0:1) Vinisius irqchilikka asoslangan haqoratlarga uchragandi. Shuningdek, braziliyalik futbolchi ikkinchi bo‘limning qo‘shib berilgan vaqtida “Valensiya” futbolchilari bilan mushtlashuvda bevosita ishtirok etdi va maydondan chetlatildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka bilan chetlatilish hujumchi uchun faoliyatidagi birinchisi bo‘ldi.
Vinisius “Real”da 2018 yildan beri to‘p surib kelmoqda.
Forvardning klub bilan shartnomasi 2024 yilgacha mo‘ljallangan.