Yevropa Navalniy ishi bo‘yicha tergovchi, prokuror va sudyalarga sanksiya e’lon qildi
Olam
−
27 may
3034Yevropa Ittifoqi Federal jazoni ijro etish xizmatiga, shuningdek, Aleksey Navalniy, “Memorial” Inson huquqlari markazi boshqaruvi raisi Oleg Orlov, rassom Sasha Skochilenko va boshqa mahbuslar ishida ishtirok etgan 19 nafar tergovchi, prokuror va sudyaga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ro‘yxat Yevropa Ittifoqiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida inson huquqlarini buzayotganlarga qaratilgan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar rejimi doirasida tasdiqlangan.
“Yevropa Ittifoqi Rossiyadagi inson huquqlari buzilishi va ichki repressiyalarni qoralashda qat’iy qolmoqda. Vaziyatning jiddiyligini hisobga olib, Kengash jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxatiga 19 jismoniy va 1 yuridik shaxsni qo‘shish kerak deb hisoblaydi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Sanksiya ro‘yxatiga, xususan, Moskva shahar sudi sudyasi Tatyana Dodonova, Federal jazoni ijro etish xizmati inspeksiyasi boshlig‘i Aleksandr Yermolenko, prokuror Aleksandr Gladishev, RF Tergov qo‘mitasi tergovchisi Ilya Savchenko, Moskvaning Golovinsk tuman sudi sudyasi Yelena Astaxova va Oliy sud sudyasi Nikolay Dubovik kiritilgan.
Barcha shaxslarning Yevropa Ittifoqi hududiga kirishi taqiqlanadi va ularning aktivlari, agar Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida topilsa, muzlatiladi.
Bugun, 27 may kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlati tashqi ishlar vazirlari Rossiya Federatsiyasida hamjamiyat fikricha, inson huquqlarini buzayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga qaratilgan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar rejimini tasdiqladi. Taxminlarga ko‘ra, yangi rejim YeIga Rossiyada muxolifatni ta’qib qilish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar va tashkilotlarga qarshi sanksiyalar qo‘llash imkonini beradi. Norasmiy ravishda yangi rejim Aleksey Navalniy nomi bilan atalgan.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda zaharlanishdan omon qolgan siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 16 fevral kuni Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan “Qutb bo‘risi” maxsus rejimli koloniyasida noaniq sharoitda vafot etdi. Navalniyning tarafdorlari uning o‘ldirilganini da’vo qilib, uning o‘limi sabablarini tekshirishga va’da berdi.
Navalniyning jasadi 24 fevral kuni onasi Lyudmila Ivanovnaga topshirildi. Bungacha ayol Tergov qo‘mitasi Navalniyning dafn marosimini ommadan yashirin o‘tkazishga rozi bo‘lishini talab qilgan ultimatum qo‘yganidan shikoyat qilgan. Lyudmila Navalnaya bu talabni bajarishdan bosh tortdi.
Navalniyning dafn marosimi 1 mart kuni Moskvadagi Borisov qabristonida bo‘lib o‘tdi. Siyosatchi bilan xayrlashish uchun o‘n minglab odamlar keldi. Gul qo‘yish va Navalniy bilan xayrlashish uchun navbatlar dafn marosimidan keyingi kunlarda ham davom etdi.