Yevropa Ittifoqida tug‘ilish rekord darajada pasayib ketdi

Olam

image

2023 yilda Yevropa Ittifoqi (YeI) mamlakatlarida jami 3 million 655 ming bola dunyoga kelgan. Ushbu ko‘rsatkich 1961 yilda statistik kuzatuvlar olib borish boshlangandan beri eng past daraja hisoblanadi. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, dastlab 2023 yil uchun YeIda tug‘ilish darajasi 4 million atrofida bo‘lishi prognoz qilingan, biroq bu ko‘rsatkich kutilganidan 5,5 foizga past bo‘lib, kuzatuvlar tarixidagi eng katta yillik pasayish sifatida qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, YeI mamlakatlarida tug‘ilishning eng yuqori darajasi 1960 yillarda kuzatilgan bo‘lib, o‘sha davrda yiliga qariyb 7 million bola tug‘ilgan.

Tug‘ilishning kamayishi Yevropada davlat byudjetiga bosimni kuchaytiradi, chunki ishga yaroqli aholining soni kamaymoqda, sog‘liqni saqlash va pensiya tizimiga ketadigan xarajatlar esa ortib bormoqda.

“Eurostat” ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar sonining kamayish tendensiyasi eng ko‘zga ko‘ringan davlatlarga Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Polsha va Finlyandiya kiradi. Bu davlatlarda so‘nggi o‘n yillikda tug‘ilish darajasi kamida 25 foizga pasaygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada 2024 yilning birinchi yarmida tug‘ilish rekord darajaga tushib, 350 ming bolani tashkil etgani xabar qilingan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Evropa tug'ilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing