Yevropa Ittifoqi o‘z harbiy kuchlarini yaratishga qaror qildi
Olam
−
22 mart 2022
11044Kecha, 21 mart kuni Yevropa Ittifoqi inqiroz holatlarida tezkor harakat qilish uchun o‘zining harbiy salohiyatini yaratishga qaror qildi. Yevropa Ittifoqi bu kuchlardan NATO bilan birgalikda yoki ushbu ittifoqdan alohida foydalanadi.
“Xavfsizlik sohasida nisbatan dushmanlik kayfiyatidagi muhit bizdan sifatli oldinga sakrashni, imkoniyatlarimizni va harakatga tayyorgarligimizni mustahkamlashni, mudofaa sanoatiga yanada ko‘proq va yaxshiroq investitsiya kiritishimizni talab qiladi”, deyiladi Yevropa Ittifoqi Kengashining dushanba kuni qabul qilingan “2030 yilgacha Yevropa Ittifoqining xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash bo‘yicha strategik kompas”ga doir kommyunikesida.
Ushbu hujjatning bandlaridan biri Yevropa Ittifoqining o‘z jangovar salohiyatini yaratishni ko‘zda tutadi.
Kommyunikeda ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi inqiroz davrida hamkorlar bilan birga yoki o‘zi tez va qat’iy harakat qilish uchun:
• har xil turdagi inqirozlarga shay bo‘lgan 5000 tagacha qo‘shindan iborat kuchli Yevroittifoqning tezkor joylashtirish kuchlarini yaratadi;
• 30 kun ichida Umumiy mudofaa va xavfsizlik siyosati (UMXS) operatsiyalarini, shu jumladan og‘ir sharoitlarda, o‘tkazish uchun to‘liq shaylangan 200 ta mutaxassisni joylashtirishga tayyor bo‘ladi;
• quruqlik va dengizda muntazam harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi;
• harbiy mobilligini oshiradi;
• Yevropa Ittifoqining fuqarolik va harbiy missiya hamda (Umumiy xavfsizlik va mudofaa siyosati) operatsiyalarini mustahkamlash, qarorlar qabul qilish jarayonini tezroq va moslashuvchanroq qilish, ishonchliroq harakat qilish va katta moliyaviy birdamlikni ta’minlaydi;
• hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasidan to‘liq foydalanadi.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu tashabbuslarning barchasi Yevropa armiyasini yaratish degani emasligini tushuntirdi: har bir Yevropa Ittifoqi davlati o‘z qurolli kuchlariga ega bo‘lishda davom etadi.
“Strategik kompas” xavfsizlik va mudofaa siyosatining barcha jihatlarini qamrab oladi va to‘rtta “ustun”: harakat qilish, sarmoya kiritish, hamkorlik qilish va xavfsizlikni ta’minlash atrofida quriladi.
Hujjat Yevropa Ittifoqining 27 davlati Tashqi ishlar va Mudofaa vazirlarining qo‘shma yig‘ilishida konsensus yo‘li bilan qabul qilingan va 24-25 mart kunlari Yevropa Kengashida davlat va hukumat rahbarlari tomonidan tasdiqlash uchun taqdim etilgan.
Avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanued Makron Yevropa davlatlarini ehtimoliy qurolli mojaroga tayyorgarlik ko‘rish uchun mudofaa sanoatiga sarmoya kiritishni oshirishga chaqirgandi.
LiveBarchasi