Finlyandiya rossiyaliklarni Yevropaga kiritmaslikka chaqirdi
Olam
−
11:51 375 2 daqiqa
Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen Rossiya Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan bir paytda Yevropa Ittifoqi davlatlarini rossiyaliklarga turistik viza berishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda DW xabar berdi.
Qayd etilishicha, Valtonen kecha, 12 oktyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Yevrokomissiyaga murojaat yo‘llash uchun ittifoqqa a’zo boshqa davlatlarni ham ushbu tashabbusga qo‘shilishga taklif qilgan.
“Rossiyaliklar Yevropaga kelib, bu yerdagi turmush tarzi va erkinliklardan bahramand bo‘layotgan bir paytda, ularning mamlakati ukrainaliklarning uylarini bombalashi noto‘g‘ri”, degan Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri.
Uning bildirishicha, Finlyandiya 2022 yildayoq rossiyaliklarga zarurat bo‘lmagan safarlar uchun viza berishni to‘xtatgan. Valtonen bu chora butun Yevropa Ittifoqi miqyosida ham joriy etilishi kerakligini bildirgan.
Shuningdek, vazir Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqin atrofidagi shaxslarga Shengen vizalarini berishni taqiqlash, rossiyalik sportchilarga viza berishni cheklash hamda Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan rossiyaliklarga viza berish taqiqini samarali qo‘llashga chaqirgan.
Avvalroq, sentyabr oyida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ham Moskvaning gibrid hujumlariga javoban Rossiyaga nisbatan cheklovlarni kuchaytirish, jumladan, turistik vizalar sonini kamaytirish zarurligini aytgan edi.
Shuningdek, Estoniya Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan sobiq rossiyalik harbiylarga viza berishni taqiqlash taklifini ilgari surgan. Keyinchalik ushbu chorani Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropa mintaqasidagi boshqa davlatlar ham qo‘llab-quvvatlagan.
Joriy yilning iyun oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo bir guruh davlat rossiyaliklarga turistik viza berishni to‘xtatishga chaqirgan. Ularning murojaatida 2025 yilda rossiyaliklarga Shengen hududidagi 29 ta davlatga safar qilish uchun 470 mingta viza berilgani qayd etilgan. Ularning ko‘pchiligi bir necha marta kirish imkonini bergan.
Avstriya parlamenti saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 14 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashida Rossiyaga nisbatan viza siyosati masalasini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevrokomissiya diversiyalar va boshqa gibrid hujumlar xavfi ortib borayotgani munosabati bilan Rossiya fuqarolari uchun viza qoidalarini qat’iylashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi