Yevropa Ittifoqi Isroilga hujumi uchun Eronni jazolamoqchi
Olam
−
18 aprel
3672Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari Bryusseldagi sammitda Isroilga hujumi uchun Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan bayonotda aytiladi.
“Biz Eronga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga qaror qildik, bu biz yubormoqchi bo‘lgan aniq signaldir”, deydi Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel.
Uning ta’kidlashicha, Eron xalqaro izolyatsiyaga tushib qolishi kerak.
“Yevropa Kengashi Eronning Isroilga hujumini qat’iy va so‘zsiz qoralaydi va Isroil xalqi bilan to‘liq birdamligini hamda Isroilning mintaqadagi xavfsizligi va barqarorligiga sodiqligini tasdiqlaydi”, deyiladi YeI davlatlari qabul qilgan bayonotda.
Hujjatdan kelib chiqqan holda, cheklov choralari dron va raketalarga ham tegishli bo‘ladi.
Mishel hali yangi sanksiyalar tafsilotlarini to‘liq ochiqlamagan.
“Yevropa Kengashi Eron va uning ishonchli tomonlarini har qanday hujumlarni to‘xtatishga chaqiradi, shuningdek, barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlikka va mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi har qanday harakatlardan tiyilishga chaqiradi”, deyiladi yakuniy bayonotda.
Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi
Joriy yilning 1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.
Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.
Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.
14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.
Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.
LiveBarchasi