Yevropa Ittifoqi Belarusdagi saylov natijalarini tan olmadi
Olam
−
19 avgust 2020
7088Yevropa Ittifoqi rahbarlari Belarusda zo‘ravonlik va saylovlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilganlarga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qilishdi.
Bu haqda Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel videokonferensiya orqali o‘tkazilgan YeIning favqulodda sammitidan keyingi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Belarus xalqi bilan to‘liq birdamlikda va ularning talablarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Yevropa Ittifoqi Belarusdagi saylov natijalarini tan olmaydi, chunki ovoz berish erkin va adolatli bo‘lmagan. Saylovdan keyingi voqealardagi zo‘ravonlik uchun javobgarlar jazolanishi kerak. YeI namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlik va saylovlarni qalbakilashtirishda aybdor bo‘lganlarga qarshi sanksiyalarni qo‘llaydi", deydi Mishel.
Shu bilan birga, Yevropa Kengashi rahbari Belarus xalqini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
"Belarus xalqiga murojaat qilib shuni aytmoqimanki, biz sizlar bilan birgamiz. Sizning demokratiya va tinch kelajakka bo‘lgan huquqlaringizni qo‘llab-quvvatlaymiz", deya qo‘shimcha qiladi Mishel.
O‘z navbatida, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Belarusda yangi saylovlar o‘tkazilishi mumkinligini e’lon qildi.
“Biz Belarus xalqining asosiy huquqlarini hurmat qilishni talab qilayotganlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz hokimiyatning tinch va demokratik o‘tishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Yevropa Ittifoqi Belarus xalqiga yordam uchun 53 million yevro ajratadi”, deydi Ursula fon der Lyayen.
LiveBarchasi