Yevropa Ittifoqi Armanistonda fuqarolik missiyasini ochdi

Olam

image

Bugun, 20 fevral kuni Yevropa Ittifoqi Armanistonda Ozarbayjon bilan vaziyatni tartibga solishga hissa qo‘shishi kerak bo‘lgan fuqarolik missiyasi ishini boshladi. Bu haqda Bryusselda yig‘ilayotgan Yevropa Ittifoqi kengashi bayonotida aytiladi. 

“Yevropa Ittifoqi bugun umumiy xavfsizlik va mudofaa siyosatining bir qismi sifatida Armanistonda YeI fuqarolik missiyasini ishga tushiradi”, deyiladi unda. 

Hujjatda missiya mintaqada barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani aytilgan.  

“Armaniston-Ozarbayjon chegarasining Armaniston tomoniga joylashtirilgan missiyaning maqsadi Armanistonning chegaradosh hududlarida barqarorlikni ta’minlash, mojarodan zarar ko‘rgan hududlarda ishonch va xavfsizlikni mustahkamlash hamda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni Yevropa Ittifoqi ko‘magida normallashtirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlashdan iborat”, deyiladi bayonotda. 

Ma’lum qilinishicha, YeIning Armanistondagi fuqarolik missiyasining faqat fuqarolik xodimlarining umumiy soni taxminan 100 kishini, shu jumladan 50 ga yaqin qurolsiz kuzatuvchilarni tashkil etadi. 

“Missiyaning tezkor shtab-kvartirasi Armanistonning Vayots-Dzor viloyatidagi Yexegnadzor shahrida joylashadi. Yevropa Ittifoqining fuqarolik rejalashtirish va o‘tkazish bo‘yicha tashqi harakatlar xizmati boshqaruvchi direktori Stefano Tomat fuqarolik operatsiyalari qo‘mondoni, Markus Ritter esa missiya boshlig‘i lavozimida ishlaydi”, deyiladi xabarda. 

YeI kengashi bayonotida aytilishicha, joriy yilning 23 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Armanistonda “Kavkazda kelishuvga ko‘maklashish” uchun fuqarolik missiyasini tashkil etishni ma’qullagan. 

Missiyaning mandati 2 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, doimiy patrullik qilish va vaziyat yuzasidan [Bryusselga] hisobotlar yozishni ko‘zda tutadi, bu esa Yevropa Ittifoqining joylardagi vaziyatni tushunishini oshiradi. Bryusseldagi ekspertlarning qayd etishicha, ushbu missiyaning tashkil etilishi YeI va Rossiya o‘rtasidagi qarama-qarshilik sharoitida alohida ahamiyatga ega. Bu Yevropa Ittifoqining Transkavkazdagi ta’sirini kuchaytirishga hissa qo‘shishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing