Yevropa Eron bilan yadroviy muzokara o‘tkazadi – “Reuters” 

Olam

image

Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirlari Jenevada ertaga, 20 iyun kuni eronlik mavqedoshi Abbos Aroqchi bilan yadroviy muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda nemis diplomatik manbasiga tayanib, “Reuters” agentligi xabar qildi

“Vazirlar Eron Tashqi ishlar vaziri bilan qo‘shma yig‘ilish o‘tkazishdan avval Germaniyaning Jenevadagi doimiy vakolatxonasida Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Kaya Kallas bilan uchrashadi”, dedi manba.

Yevropa tashabbusi o‘tgan hafta Isroil o‘zining ashaddiy dushmani Eronga keng ko‘lamli harbiy zarbalar bergani va bunga javoban Eron Isroil nishonlariga raketalar to‘lqinlarini yuborganidan so‘ng, Yaqin Sharqda keskin mojaro yuzaga kelishidan qo‘rquv fonida paydo bo‘ldi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar ittifoqchisi Isroilning harbiy kampaniyasiga qo‘shiladimi yoki yo‘qligini aytishdan bosh tortdi, bu esa inqiroz kuchayishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

Nemis manbasining aytishicha, Eron va yevropaliklar o‘rtasida AQSH bilan kelishilgan holda o‘tayotgan muzokaralardan maqsad Eron tomonini yadro dasturidan faqat fuqarolik maqsadlarida foydalanishiga qat’iy kafolat berishga ko‘ndirishdir. Manbaga ko‘ra, muzokaralardan so‘ng ekspertlar darajasida tuzilgan muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Isroil maqsadi Tehronning yadroviy qurol yaratish qobiliyatini yo‘q qilish ekanini aytdi. Eron esa yadro dasturi harbiy maqsadlarga qaratilganini rad etadi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroil hujumini qo‘llab-quvvatladi va bu hafta Tehronni g‘azablantirdi va eronliklar keskinlikni pasaytirishi yoki undan ham kattaroq halokat tahdidiga duch kelishi mumkinligini aytdi.

Shu bilan birga, kecha, 18 iyun kuni Germaniya Tashqi ishlar vaziri Iogann Vadeful Eron rahbarlarini yadro dasturi bo‘yicha kafolatlarni o‘z ichiga oluvchi yechim yo‘lida ishlashga chaqirdi. 

“Muzokaralar stoliga o‘tirish uchun hech qachon kech emas”, dedi u.

Qayd etish joiz, AQSH va Eronning Ummon vositachiligidagi Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 5 marta muzokara o‘tkazgan. Ularning birinchisi 12 aprel kuni Ummon poytaxti Maskatda, ikkinchisi 19 aprel kuni Rimda, uchinchi va to‘rtinchisi 26 aprel va 11 may kuni yana Ummon poytaxtida va beshinchisi  23 may kuni yana Italiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan. Maslahatlashuvlarda Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Amerika delegatsiyasiga esa Prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff boshchilik qildi. Muzokaralarning oltinchi raundi 15 iyun kuni Ummonda bo‘lishi kerak edi. Biroq 13 iyun kuni Isroil Eronga hujum qilishni boshlaganidan so‘ng bu muzokaralar to‘xtab qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing