“Yevroning otasi” vafot etdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi davlatlarining yagona valyutasi – yevroning muomalaga kiritilishida muhim rol o‘ynagan Yevrokomissiyaning sobiq prezidenti Jak Delor kecha, 27 dekabr kuni 98 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning qizi Martin Obri "France Presse" nashriga ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, Jak Delor Parijdagi qarorgohida jon bergan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Delorning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan. 

"Uning sadoqati, ideallari va donoligi bizni doimo ilhomlantirardi. Men unga ta’zim qilaman va yaqinlarining dardiga sherikman", deb yozadi siyosatchi X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, Jak Delor 1925 yilda Parijda tug‘ilgan. Fransiya banki kurerining o‘g‘li bo‘lgan Delor 1945 yildan boshlab mahalliy banklarda ishlab yurgan. Keyinchalik Sorbonna universitetida o‘qib, iqtisod bo‘yicha diplom olgan. Fransiyaning taniqli siyosatchisi, Prezident Fransua Mitteran davrida (1981-1984 yillar) u moliya vaziri etib tayinlangan. 1985 yilda Delor Yevropa hamjamiyatlari komissiyasining prezidenti etib saylandi, keyinchalik Yevropa Komissiyasi deb nomlangan ushbu tashkilot rahbarligiga (1995 yilgacha) ketma-ket uch muddatga saylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Jak Delor France Presse

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing