Yevrokomissiya rahbari Xitoy qo‘llayotgan taktikadan ogohlantirdi
Olam
−
19 aprel 2023
9399Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan Pekinga qilgan safaridan deyarli ikki hafta o‘tib, Xitoy o‘zining geosiyosiy manfaatlarini ta’minlash uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish rejasini allaqachon harakatga tushirganini aytdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
“Kuchli Yevropa siyosati YeI davlatlari va institutlari o‘rtasidagi kuchli muvofiqlashtirishga, biz duch kelishimiz mumkin bo‘lgan bo‘linish va zabt etish taktikalaridan qochishga tayyor turishga tayanadi. Biz so‘nggi kunlar va haftalarda bu taktikalarni amalda ko‘rdik. Yevropa uchun ham harakatga o‘tish vaqti keldi. Endi jamoaviy irodani namoyish qilish, muvaffaqiyat nima ekanligini birgalikda aniqlash va bizni kuchli qiladigan birlikni ko‘rsatish vaqti keldi”, degan Yevrokomissiya rahbari.
Uning bunday mavzuda gap ochishi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Xitoydan qaytgach, uning Tayvan borasidagi Vashington va Pekin orasidagi kelishmovchilikka Yevropa aralashmasligi zarurligi to‘g‘risidagi chiqishlari bilan bog‘liq. Chunki Makronning Yevropa AQSHga avtonomlikni tugatishi haqidagi gaplari Sharqiy Yevropa va Amerika rasmiylarining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan, ular Fransiya rahbarini transatlantik ittifoqqa putur yetkazgani uchun tanqid qilgan.
Fon der Lyayen Tayvan masalasida Yevropa Ittifoqining “Yagona Xitoy” siyosatiga sodiqligi, ammo Tayvan bo‘g‘ozida “tinchlik va barqarorlikni” saqlash zarurligini ta’kidlagan. G‘arb ittifoqchilari uzoq vaqtdan beri Pekin orolni nazorat qilish uchun keng ko‘lamli harbiy aralashuvni boshlashidan xavotirda. Chunki bu yarim o‘tkazgichlarni yetkazib berish zanjirlarini uzishi va global iqtisodiyotni to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
“Biz status-kvoning har qanday bir tomonlama o‘zgarishiga, xususan, kuch ishlatishga qarshimiz”, deydi fon der Lyayen.
Shuningdek, Yevropa Komissiyasi rahbari 2019 yilda blok Xitoyga nisbatan so‘nggi umumiy siyosatini e’lon qilganidan beri dunyoda katta o‘zgarishlar bo‘lganini ta’kidlab, a’zo davlatlarning barchasini birlashtira oladigan yangi, yagona strategiya ishlab chiqishga chaqirgan.
Ammo bu harakat Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida Xitoy bilan qanday munosabatda bo‘lish borasidagi chuqur kelishmovchiliklar tufayli barbod bo‘lgan. Bu bo‘linish, ayniqsa, Makronning izohlarini salbiy qabul qilishda yaqqol namoyon bo‘ldi.
LiveBarchasi