Xitoyga “Yagi” to‘foni yopirildi. Qurbonlar bor

Olam

image

“Yagi” to‘foni Xitoyning Xaynan orol-provinsiyasiga (Janubiy Xitoy) kelib urilishi oqibatida kamida 2 kishi halok bo‘ldi, 92 kishi turli darajada jarohat oldi. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, bugun, 7 sentyabr holatiga ko‘ra, Ding‘an okrugida ikki kishi halok bo‘lgan. Venchan shahrida 12 kishi, Xaykou shahrida esa 80 kishi jarohatlangan. Shamollar va yog‘ingarchilik kamaygach, Xaynan oroli tayfunga favqulodda javob berish darajasini pasaytirgan va shoshilinch tiklash ishlarini boshlagan.

Qayd etilishicha, 1,5 milliondan ortiq jabrlangan uy xo‘jaliklariga elektr ta’minotini tiklash uchun 2200 dan ortiq xodim safarbar etilgan. Bugun ertalab soat 7 ga kelib, zarar ko‘rgan uy xo‘jaliklarining beshdan biridan ko‘prog‘i elektr tarmog‘iga qayta ulangan. Shuningdek, yo‘llarni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, hozirda to‘sib qo‘yilgan 89 ta avtomobil yo‘lidan 51 tasi tozalangan.

Bugun, 7 sentyabr kuni tushdan keyin orolda tezyurar poyezdlar qatnovi qayta tiklanishi kutilmoqda. Hududdagi bo‘g‘ozda parom qatnovi esa ertaga, 8 sentyabr oqshomida tiklanishi kutilmoqda.

Xaykou shahridagi Meylan xalqaro aeroporti ham ertaga tushdan keyin vaqtincha yopiq qoladi. Mashhur sayyohlik shahri Sanyadagi Fenxuan xalqaro aeroporti esa bugun, 7 sentyabr kuni ertalab soat 10 dan asta-sekin reyslarni tiklay boshladi.

Nashrga ko‘ra, ayni paytda qutqaruv ekipajlari aloqani tiklashga shoshilmoqda, chunki provinsiya bo‘ylab 12,5 mingdan ortiq baza stansiyalari shikastlangan, eng katta ziyon Venchan shahridagi aloqa vositalariga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning janubi-g‘arbiy qismida “Shanshan” to‘foni kuchli shamol va yomg‘irga sabab bo‘lib,  elektr energiya tizimini ishdan chiqargan, havo qatnovini cheklagan va yirik zavodlarni yopishga majbur qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy to'fon Janubiy Xitoy Ding'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing