Xitoy Afrikaga milliardlab sarmoya kiritmoqchi
Olam
−
05 Sentabr
3923Xitoy Afrika davlatlariga 360 milliard yuan (45,8 milliard yevro) miqdorida sarmoya kiritish niyatida. Bu haqda kecha, 4 sentyabr kuni Pekinda Xitoy-Afrika hamkorligi forumi (FOCAC) ochilishida XXR raisi Si Szinpin ma’lum qildi.
Kelgusi uch yilda 210 milliard yuan (26,7 milliard yevro) kredit ko‘rinishida, yana 80 milliard yuan (10,1 milliard yevro) turli turdagi yordam ko‘rinishida berilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Xitoy korxonalari tomonidan mintaqaga yana 70 milliard yuan (8,9 milliard yevro) sarmoya kiritiladi.
Xitoy tomonining ma’lum qilishicha, Xitoy-Afrika hamkorligiga bag‘ishlangan forumda 50 ga yaqin Afrika davlatlari va hukumatlari rahbarlari ishtirok etgan. Unda Xitoy va Afrika davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’lim, savdo, qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari, shuningdek, harbiy soha kabi yo‘nalishlarda kengaytirish muhokama qilinadigan asosiy mavzular bo‘lishi kutilmoqda.
Si Szinpinning aytishicha, Xitoy Afrika davlatlari bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqchi, yashil energiya loyihalarini ishlab chiqmoqchi, shuningdek, Afrikaga tibbiyot xodimlarini yubormoqchi. Shu bilan birga, Pekin Xitoy bozorini Afrika davlatlari uchun ochish va ular bilan kelajakda bojxona to‘lovlarisiz savdo qilish niyatida.
Shu bilan birga, Si G‘arbning Afrika taraqqiyotidagi rolini tanqid qildi.
“Modernizatsiya bilan shug‘ullanish barcha davlatlarning huquqidir. G‘arbcha modernizatsiya qilish jarayoni ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarga katta qayg‘u keltirdi”, dedi u FOCAC ochilishida.
O‘z navbatida, forumga faxriy mehmon sifatida taklif etilgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xitoy va Afrika hamkorlikni rivojlantirishda “BMTning to‘liq ko‘magiga tayanishi mumkinligini” ta’kidladi.
“Umumiy maqsadlar tinchlik, ishlab chiqarishni ekologik xavfsiz rivojlantirish va inson huquqlarini himoya qilishdir”, deya qo‘shimcha qildi u.
Shu bilan birga, Guterrish ba’zi Afrika davlatlarining Pekin oldidagi qarzlari bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, mintaqada ishlab chiqarishni ekologik xavfsiz rivojlantirishga sarmoya kiritishdagi qiyinchiliklarga e’tibor qaratdi.
O‘tgan yillar davomida Xitoy Afrikadagi yirik infratuzilma loyihalariga milliardlab dollar sarmoya kiritdi.
“Ko‘p davlatlar bundan foyda ko‘rdi, biroq boshqalari Xitoyga qaram bo‘lib qoldi, chunki ular olgan kreditlarini to‘lay olmadi. Mintaqaga sarmoya kiritish orqali Pekin Afrika bozoriga, shuningdek, Afrikada mavjud mineral resurslarga kirishga va xalqaro maydonda Afrika davlatlarining qo‘lloviga umid qilmoqda”, deb ta’kidlaydi DPA agentligi.
Xitoy-Afrika hamkorlik forumi 2000 yildan beri har uch yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda. U 2024 yilda Pekinda 4-6 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi