Yevrokomissiya 150 mlrd yevrolik mudofaa rejasini taqdim etdi
Olam
−
04 mart
3407Bugun, 4 mart kuni Bryusselda Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen tomonidan yangi ReArm Europe mudofaa rejasi taqdim etildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu reja Yevropa Ittifoqi o‘z mudofaasi va xavfsizligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga va Ukrainaga yordamni oshirishga tayyorligini ko‘rsatadi.
“Biz qayta qurollanish davrida yashayapmiz. Va Yevropa o‘zining mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishga tayyor – shoshilinch harakat qilish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash zarurligiga javob berish, shuningdek, o‘zimizning Yevropa xavfsizligimiz uchun katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor”, dedi Yevrokomissiya rahbari.
Uning rejasi beshta ustunni o‘z ichiga oladi, ulardan biri Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun havo va raketaga qarshi mudofaa, artilleriya tizimlari, raketalar va o‘q-dorilar, dron va uchuvchisiz mudofaa tizimlari va kiberdan tortib harbiy harakatchanlikkacha bo‘lgan boshqa ehtiyojlar kabi mudofaaga sarmoya kiritish uchun yangi 150 milliard yevrolik kredit jamg‘armasidir.
Fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, yangi jamg‘arma orqali YeI davlatlari qo‘shma xaridlarni amalga oshirishi va harbiy texnikani shoshilinch yetkazib berish orqali Ukrainaga ko‘makni sezilarli darajada oshirishi mumkin bo‘ladi.
“Qo‘shma xaridlarga bunday yondashuv, shuningdek, xarajatlarni kamaytiradi, parchalanishni kamaytiradi, o‘zaro hamkorlikni yaxshilaydi va mudofaa sanoat bazamizni mustahkamlaydi”, dedi Yevrokomissiya rahbari.
Yevropa Komissiyasi, umuman olganda, turli moliyaviy vositalardan foydalangan holda, ReArm Europe dasturi Yevropaning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash uchun taxminan 800 milliard yevroni safarbar qilishga qodir, deb hisoblaydi.
Fon der Lyayen 6 mart kuni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus sammit oldidan Yevropa Ittifoqi rahbarlariga taklif bilan xat yo‘lladi. Yevrokomissiya rahbari nutqidan bir necha soat oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga noma’lum muddatga barcha harbiy yordam yetkazib berish to‘xtatilishini e’lon qildi.
LiveBarchasi