Yetti bosh noyob lochinni O‘zbekistondan olib chiqib ketayotgan shaxs ushlandi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan birgalikda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 7 bosh noyob lochinni O‘zbekistondan olib chiqib ketayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrining chegaradosh hududida harakatlanayotgan shaxs tezkor xodimlar tomonidan kuzatuvga olinganini sezib qolgach, shu yerdagi uylardan biriga qochib kiradi va yashirinishga urinadi. Mazkur xonadon belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilib, qochishga uringan shaxsning qo‘lidagi sumka ochib ko‘rilganida, uning ichida 7 bosh lochin borligi aniqlangan.  


 
“Noqonuniy ravishda olib o‘tish uchun atrofdagilarga sezdirmaslik maqsadida qushlarning ko‘zi, oyoqlari bog‘lab qo‘yilgan, qanotlari esa sklangan. Shuningdek, ular sumkaga zich holatda joylashtirilgan bo‘lib, bu holatni qushlarga nisbatan vahshiylik deb izohlash mumkin”, deyiladi xabarda. 

Hozirda mazkur lochinlar Toshkent hayvonot bog‘ida saqlanmoqda. Hayvonot bog‘iga keltirilgan kuni ularning to‘rttasi og‘ir ahvoda bo‘lgan. Hayvonot bog‘i veterinarlari tomonidan ko‘rsatilgan muolaja va parvarishlardan so‘ng ularning ahvoli yaxshilangan. 
 
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, lochinlarga maxsus chip o‘rnatilgan va Xalqaro reyestrga kiritilgan. 90 kunlik karantin sharoitidagi parvarishdan so‘ng lochinlar yana tabiat qo‘yniga uchirib yuborilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilda chop etilgan Qizil kitobiga “Itolg‘i” nomi bilan kiritilgan ushbu lochinlar, asosan G‘arbiy Tyan-Shan va Hisor-Oloy tog‘ tizmalari hamda Qizilqum cho‘lida uchraydi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda bu kabi itolg‘i lochinlari keskin kamayib, hozirda atigi 70 juft saqlanib qolgani taxmin qilinadi.

Lochinlarni noqonuniy ravishda olib chiqishga uringan shaxslar ularning har birining bahosini o‘rtacha 30 million so‘mdan ekanini ta’kidlagan. Vaholanki, dunyo bo‘ylab qora bozorlarda lochinlarning narxi 15 ming AQSH dollaridan 150 ming AQSH dollarigacha baholanadi. Ularning qo‘lga o‘rgatilganlari esa hattoki bir necha million dollar turadi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bojxona Lochinlar

Baholaganlar

198

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing