YeTTB O‘zbekistonga 200 mln dollar ajratishi mumkin
Jamiyat
−
16 noyabr
2205Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun 200 million AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdorda kredit ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 14 noyabr kuni vazirlik delegatsiyasi Bakuda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) doirasida YeTTBning iqlim dasturlari top-menejerlari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Unda metan chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, uzoq muddatli past uglerodli rivojlanish va iqlimga chidamlilik sohalarida qo‘shma ishlarni kengaytirishga kelishib olgan. Dekarbonizatsiya va yashil o‘tishni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan.
Memorandum doirasida “yashil” moliyaviy xizmatlarni joriy etish bo‘yicha maxsus dasturni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish va ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun 200 million dollargacha mablag‘ ajratiladi. Tomonlar chiqindi va oqava suvlarni tozalash sanoati tomonidan ishlab chiqariladigan chiqindilarni kamaytirishga sarmoya kiritish dasturini yaratish niyatida. Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi suv, oziq-ovqat va energiya sohalarida Nexus mamlakat platformasini amalga oshirish bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Nukus shahridagi 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini moliyalashtirish uchun ACWA Power Wind Karatau kompaniyasiga 19,3 million dollar kredit ajratgani haqida xabar berilgandi.