Yoshlarni ilmsiz qildi oq oltin, mardikordek edi ziyoli go‘yo – Ozoda Mirziyoyevgacha bo‘lgan davr haqida kuyladi (video)

Madaniyat-san’at

0:00
0:00
download

Xonanda Ozoda Nursaidova O‘zbekistonda erkinlik davri, yangi marralarni ko‘zlash pallasi kelgani, 2016 yilgacha bo‘lgan vaqtda odamlar to‘g‘ri so‘zni aytishdan qo‘rqqani, oq oltin dardi yoshlarni ilmsiz qilgani, ziyolilar esa mardikorga aylangani haqida qo‘shiq kuyladi. U “Inson qadri” deb nomlangan qo‘shiq va unga ishlangan videoklipni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan. 

Buguning qadrini bilmoqlik uchun,
Eslasak yaxshidir o‘tgan kunlarni.
Odamlar rost so‘zni aytishdan qo‘rqib, 
Pana-panalarda yurgan yillarni, deb boshlanadi qo‘shiqning ilk satrlari. 

Klipda 2016 yilgacha bo‘lgan davrlar aks etgan lavhalarni ko‘rish mumkin. Ozoda qo‘shiq satrlarida odamlarning tili qo‘rquvdan qotgani, erkinlik bo‘lmaganini urg‘ulaydi. 

Qo‘rquvdan qotgan bu tillarimizda, 
Dadillik yo‘q edi, shiddat yo‘q edi. 
Yerga sizilmasdan yurganimizda, 
Erkinlik atalgan qudrat yo‘q edi. 

Keldi yuksaklarni ko‘zlamoq davri, 
Borini boricha so‘zlamoq davri. 
Bu barcha yutuqning bitta nomi bor, 
Bu inson qadridir, bu inson qadri.

Nursaidovaga ko‘ra, o‘sha vaqtlarda “paxta plani”, majburiy mehnatga jalb etish, talabalar, o‘quvchilar va bolalarni ham dalalarga olib chiqish, yoshlarning ilmsiz bo‘lishiga olib kelgan. 

Yoshlarni ilmsiz qildi oq oltin, 
Mardikordek edi ziyoli go‘yo.
Farzandlar ko‘tardi ota gunohin, 
Meni aybim nima, deyolmay aslo. 

Shuningdek, Ozoda bugun ijtimoiy tarmoqlarda urchigan “musaffo osmon” haqidagi kinoyali gaplarga ham teginib o‘tgan. 

Tinchlikka yetguvchi ne’mat bo‘lmaydi, 
Musaffo osmon, deb qilmang kinoya.
Urushning ovozi tinmagan yurtda, 
Na baxtga chora bor, na dardga chora. 

U, shuningdek Mirziyoyev Prezidentligi davriga qadar o‘zi qatori “zapret”da bo‘lgan san’atkorlar dardini ham kuyga solgan. 

Sahnani sog‘indik, yuraklar yonar, 
Qo‘shiqlar eskirdi, tasmada qolib.
10 yillar yig‘ladik yolg‘iz qolganda, 
Tosh qotgan dillarni Xudoga solib, satrlari yangraganda, klipda O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomovning lavhalarini ko‘rish mumkin. 

Klipning asosiy kadrlari Prezident Mirziyoyevning 5 yillik faoliyati davrida hududlarga amalga oshirgan tashriflaridan olingan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Unda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning nomzodi ilgari surilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Mirziyoyev davriga qadar O‘zbekistonda O‘zbekiston xalq artistlari Sherali Jo‘rayev, Farrux Zokirov, Yulduz Usmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov, xonanda Ozoda Nursaidova bir necha yil taqiqda bo‘lgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozoda Nursaidova

Baholaganlar

1026

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing