Yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlari Toshkentda o‘tkaziladi
Sport
−
19 noyabr 2021
3201Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlari mezbonligi Toshkent shahriga taqdim etildi. Bu haqda qo‘mita prezidenti Majid Rashid O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi nomiga yuborilgan maktubida ma’lum qilgan.
Joriy yilning may oyida Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan edi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlarini Toshkent shahrida o‘tkazish taklifini ilgari surgandi. Shu tariqa bu borada yakuniy qaror e’lon qilindi va unga ko‘ra, 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlari Toshkentda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida IV Paraosiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun Osiyo qit’asining bir qator yetakchi davlatlari da’vogarlik qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekistonga kelgan Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Endryu Parsons O‘zbekiston Paralimpiya sport turlari bo‘yicha eng nufuzli musobaqalarni qabul qilish salohiyatiga ega ekanligi va yaqin kelajakda O‘zbekistonda yirik xalqaro musobaqalar o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidlab o‘tgan edi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari ham aynan Toshkentda o‘tkaziladi. Shu tariqa O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari mezbonligini qabul qiluvchi ilk mamlakat sifatida qayd etiladi.
LiveBarchasi