O‘zbekistonda 2025 yilga qanday nom berilishi e’lon qilindi
Jamiyat
−
20 noyabr 2024
128367Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida so‘z ochdi.
Yig‘ilganlar ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Hukumat yil nomida belgilangan eng muhim vazifalar bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqishi belgilandi.
Ushbu dasturda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi ta’kidlandi.
Prezident so‘zining davomida bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotganini qayd etdi. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.
Bunga javoban O‘zbekistonda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan. Qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishilgan. Poytaxt Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq so‘zlab, qator tashabbuslarni ilgari surgan va COP29 mamlakatlari vakillarini kelgusi yili 15 mayda – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global festivalida ishtirok etishga taklif etgandi.