O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi
Sport
−
14:04 336 2 daqiqa
Bugun, 19 oktyabr kuni o‘zbekistonlik paravelosipedchi Bobur Toshtemirov Nagoyada o‘tayotgan V Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga ilk oltin medalni olib keldi. U erkaklar o‘rtasida 3 km masofaga yakka ta’qib poygasi finalida Janubiy Koreya vakilini mag‘lub etib, 3:41.263 natija qayd etdi va musobaqa rekordini o‘rnatdi.
Bu O‘zbekiston tarixida Paraosiyo o‘yinlarining paravelosport bahslarida qo‘lga kiritilgan ilk oltin medal bo‘ldi. Shuningdek, Bobur Toshtemirov delegatsiyaga musobaqadagi birinchi oltin medalni taqdim etdi.
Bundan tashqari, kun doirasida bo‘lib o‘tgan paradzyudo bahslarida ayollar o‘rtasida J1 klassida −52 kg vazn toifasida ishtirok etgan Bonu Babayeva bronza medaliga sazovor bo‘ldi. U uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda indoneziyalik Novia Larasattini mag‘lub etdi.
J1 klassida −60 kg vazn toifasida bahs olib borgan Fotima Toyirova ham bronza medalini qo‘lga kiritdi. U uchinchi o‘rin uchun bellashuvda qozog‘istonlik raqibasini 100:0 hisobida mag‘lub etdi.
Erkaklar o‘rtasida J1 klassida −70 kg vazn toifasidagi bronza medali uchun kechgan bellashuv o‘zbek derbisi bo‘lib o‘tdi. Unda Ibrohimjon Akbarov Qosim Safarqulov ustidan g‘alaba qozonib, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasida J1 klassida −60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Uljon Amriyeva kumush medalni qo‘lga kiritdi. Amiriyeva finalda xitoylik Shi Ijiyega qarshi bahs olib borib, musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi.
Bundan tashqari, paratekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasida −47 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Qizlarxon Isomiddinova ham bronza medaliga ega chiqdi.
U uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda yaponiyalik raqibasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bir medalni qo‘shdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada 11 ta sport turi bo‘yicha 149 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda. Musobaqalar joriy yilning 24 oktyabrga qadar davom etadi.
Live
Barchasi