Yoshlar ittifoqidan pulini ololmayotgan tadbirkor ochlik e’lon qilmoqchi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda jizzaxlik tadbirkor “Jizzax real qurilish ta’mir” MCHJ rahbari Shuhrat Sotvoldiyev 15 dekabr kuni Toshkentda Yoshlar ittifoqi binosi oldida ochlik e’lon qilib, o‘zini-o‘zi o‘ldirmoqchi bo‘lganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, u Yoshlar ittifoqi uchun 14 milliard 343 million so‘mlik binoni o‘z mablag‘lari hisobidan qurib bitkazgan. Ammo 9 milliardga yaqin pulini haligacha undirib ololmayapti. Shuhrat Sotvoldiyev Yoshlar ittifoqi rahbarlari bir yarim yildan beri pulimni bermay, meni sarson qilishayapti, degan.

Tadbirkorning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi, Bosh prokuror va bir qator internet nashrlariga murojaati bayon etilgan xati hozirda ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinmoqda. Unda shunday deyilgan:

“Men muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i va Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tasdiqlagan hujjatga ishonib, Yoshlar ittifoqi uchun Jizzax viloyatida 14 mlrd 343 mln so‘mlik binoni deyarli yonimdan qurdim. Shundan salkam 9 mlrd so‘mini hali olganim yo‘q. Yoshlar ittifoqining rahbarlari meni bir yarim yildan beri sarson qilib, adoyi tamom qildi. Bor-budimdan ayrilish arafasida turibman. O‘zimni o‘zim o‘ldirish darajasiga yetib keldim.

Shu yil 15 dekabr kuni tongda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosi oldida ochlik e’lon qilaman. Ittifoq pulimni so‘nggi tiyinigacha bermagunicha ovqat ham yemayman, suv ham ichmayman. Mening ortimda turgan 300 dan oshiq oilalar haqi-hurmati bu nohaqliklardan o‘limga ham tayyorman.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari, blogerlar, Sizlardan iltimos!

Meni aldab har kuyga solib kelayotgan Yoshlar ittifoqi rahbarlarining qilmishlarini hamma ko‘rib qo‘yishi uchun ushbu jarayonni yoritsangizlar, toki aholining 60 foizini tashkil etuvchi yoshlar firibgarlar va birovning haqidan qo‘rqmaydigan shaxslar ortidan ergashayotganini bilib qo‘yishsin!

Hurmatli Bosh prokuror Nig‘matilla To‘lqinovich!

Sizdan iltimos, mabodo ochlikdan ittifoqni ostonasida vafot etgudek bo‘lsam, meni o‘zimni o‘zim o‘ldirish darajasiga yetkazgan Yoshlar ittifoqi mas’ullariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishingizni so‘rayman”, degan tadbirkor o‘z murojaatida.

Yoshlar ittifoqi buyurtmachi tashkilot "Yoshlar qurilish invest"ning quruvchi oldidagi jami qarzdorligining 9,4 mlrd so‘m qismi qoplanganini ma’lum qildi. Yana 5,6 mlrd so‘m qarz mavjud. Avvalroq, buyurtmachi faoliyati bo‘yicha audit o‘tkazilgan va natijada qator moliyaviy kamchiliklar aniqlangan.

“Biz quruvchining ish haqini olishi tarafdorimiz. Lekin muammoning shu darajaga kelib qolishiga sababchi bo‘lgan va „suvni loyqalatayotganlar“ albatta qonun oldida javob beradi”, deyiladi ittifoq xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Yoshlar ittifoqi

Baholaganlar

152

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing