“Menga banan, apelsin kerak, deydiganlari ham bor”. Xayriya markazidan eksklyuziv reportaj
Intervyu
−
12 aprel 2020
18240Yaqinda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi. Uning viloyatlardagi bo‘limlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Xo‘sh, Toshkentdagi ushbu markaz ishlash tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgan? U yerda kimlar mehnat qilmoqda? Xayriyalar qay tartibda egalariga yetkaziladi? QALAMPIR.UZ shu va boshqa savollarga javoblar olish uchun Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz” binosida tashkil qilingan xayriya markaziga bordi.
Binoga kirish-chiqish sanitariya qoidalaridan kelib chiqib qattiq nazoratga olingan. Ichkariga maxsus kiyimlarda kirish talab etiladi.
Markaz faoliyati uchga bo‘lingan. Birinchi bo‘limda “Call markaz” tashkil qilingan bo‘lib, bu yerga ehtiyojmand oilalar qo‘ng‘iroq qiladi va operatorlar ular haqida kerakli ma’lumotlarni to‘playdi.
Markazga turli kayfiyatdagi, ko‘proq ruhiy tushkunlikdagi fuqarolar murojaat qiladi. Bu albatta mutaxassisdan professionallikni talab qiladi. Shularni hisobga olib, “Call markaz”da Toshkent stomatologiya institutining 32 nafar yosh volontyorlardan iborat “medik volontyorlar” jamoasi shakllantirilgan. Qo‘shimcha volontyorlar kerak bo‘lsa, bu haqda albatta, ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilinadi.
“Call markaz”da ish vaqti soat 9:00 dan 17:00 gacha. Bitta operator 1197 raqami orqali kuniga o‘rtacha 100-250 tagacha qo‘ng‘iroqni qabul qila oladi. Ko‘pchilikning qayta qo‘ng‘iroqlarini hisobga oladigan bo‘lsak, markazga bir kunda 350-400 mingtacha qo‘ng‘iroq bo‘ladi.
Kuniga 2500-3000 fuqaroga oziq-ovqat yetkazish uchun ma’lumotlar qabul qilinmoqda. “Call markaz” tizimida yana bir qiziq holat bor. Agar qo‘ng‘iroq qilganlar saksoninchi o‘rindan pastki o‘rinda bo‘lsa, “avtootvetchik” uning nechanchi o‘rinda ekanini aytmaydi. Navbatni o‘z-o‘zidan bekor qilib yuboradi. Sababi bir fuqaro bilan muloqot qilish kamida 2-2,5 daqiqani talab qiladi.
“Volontyorlarimiz og‘ir kunlarda ko‘ngilli sifatida xalqimizga, hurmatli yurtboshimizga kamarbasta bo‘lish uchun yordamga kelgan. Bizga har xil holatdagi insonlar (yolg‘iz qariyalar, tushkunlikdagi fuqarolar) murojaat qilishadi. Shu insonlarga ruhiy dalda bo‘lsin deb jamoamizga psixologlarni ham jalb qilganmiz”, deydi Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Alisher Sa’dullayev.
Ikkinchi bosqichda “Call markaz” kelib tushgan ma’lumotlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi xodimlariga beriladi. Ular ma’lumotlarni filtrlab, yetkazib beruvchilarga mahsulotlarni tayyorlash uchun yuboradi. Shunday qilib 2500 ta murojaatchi bo‘lsa, yaxshilab o‘rganilgach, ularning soni 1500 tagacha ham kamayishi mumkin. Ehtiyojmandlarga mahsulotlar yetib borgan-bormaganini bilish uchun “qayta qo‘ng‘iroq” tizimi ham ishga tushirilgan. Bunda volontyorlar ro‘yxatdagi fuqarolarga birma-bir qaytadan qo‘ng‘iroq qilib chiqishadi.
Tashkil qilingan tizimda bosqichlar joriy qilingan bo‘lib, qo‘ng‘iroq qilinganda “yangi” degan nom beriladi. Ma’lumotlar ikkinchi blok, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi xodimlariga uzatilganda, “ishlanmoqda” degan tizimga o‘tadi. Ular murojaatni saralab mahsulotni tarqatuvchi bo‘limga bergach, “yo‘lda” tizimiga o‘tadi. Saralash bo‘limida murojaat bekor qilinsa, “bekor qilindi”, aksincha, yetkazib berilsa, “bajarildi” tizimiga o‘tadi. Alisher Sa’dullayev nima uchun ayrim insonlar markazning raqamlariga tusha olmayotgani haqidagi savolga javob berib o‘tdi.
“Joriy qilingan 1197 raqami avvaliga butun respublika uchun ochiq bo‘ldi. Joylardan qo‘ng‘iroqlar bo‘lib turdi. Shuni hisobiga qo‘ng‘iroqlar soni keskin oshib ketdi va shahar aholisining ayrimlari operatorlarimizga ulana olmadi. Biz boshqa viloyatlardan ham tezroq shunday markaz tashkil qilishlarini so‘rayapmiz. Shunda ular yashash joyidan kerakli mahsulotni o‘z vaqtida olishi mumkin bo‘ladi.
Shundagina bizning ham ishimiz osonlashadi, aynan Toshkentning o‘ziga maksimal darajada xizmat ko‘rsata olamiz. Telegram messenjeri orqali qo‘shimcha tizimlarni ham joriy qilishni rejalashtirganmiz. Buning uchun avvalo hisob-kitoblarimizni o‘rniga qo‘yib olishimiz kerak bo‘ladi. Bu vaqtda barchadan sabr qilib, bizni qo‘llab-quvvatlab turishlarini so‘rardik”, deydi Sa’dullayev.
“Call markaz”da ishlayotgan volontyorlardan biri Roziya Anvarova ishga kelib-ketish jarayoni haqidagi savolimizga quyidagicha javob berdi.
“Har bir volontyorning o‘z ism-familiyasi va yashash manzili yozilgan “checklist” (nazorat ro‘yxati) mavjud. Har kuni ertalab transport ishga olib keladi va ish vaqti tugagach, uyga olib borib qo‘yadi”, deydi Roziya Anvarova.
Aytilganidek, “Call markaz”dagi operatorlar barcha ma’lumotlarni yig‘gach, ikkinchi bo‘lim – berilgan ma’lumotlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani, murojaat qilgan inson rostan ham xayriyaga muhtoj yoki muhtoj emasligini o‘rganuvchi mutaxassislar bo‘limiga yuboradi. Bu yerda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va boshqa tashkilotlardan kelgan mutaxassislar ishlaydi. Ular yordam so‘rab murojaat qilgan insonlarning moliyaviy ahvoli, sharoitini o‘rganadi. Bunda ularga joylardagi mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ko‘maklashadi.
Markaz Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va tuman hokimliklari, mustaqil volontyorlar va Yoshlar ittifoqi kabi bir nechta tashkilotlarni birlashtirgan. So‘nggi bo‘lim esa yuborilgan xayriyalarni sanitariya talablariga rioya qilgan holda qabul qilib olib, keyin saralangan ro‘yxat bo‘yicha mahsulotlar egalariga tarqatiladigan blok hisoblanadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova ushbu blok haqida to‘liq ma’lumotlarni ulashdi.
Har bir xayriya mahsulotlari haqidagi ma’lumotlar kompyuterlarga kiritiladi. Kartoshka, un, yog‘, guruch, makaron, shakar kabi 10 turdagi birlamchi mahsulotlar saralanadi. Alohida guruhlar ehtiyojmand insonga zarur jamlanmani shakllantiradi. Bundan tashqari, murabbog‘, tabiiy sharbat va shu kabi mahsulotlar ham ehtiyojga qarab tarqatilmoqda.
“Men har kuni bir necha homiylar bilan gaplashaman. Ularning ko‘zida ezgulik ko‘rasiz. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirsam, ruhiyati ko‘tarilib, yana nima yordam kerak deyishadi. Kuni kecha bir dorixona mudirasi kelib to‘qqiz mingta niqob berdi. Tashakkur aytganimizdan keyin, ortiqcha 5 million so‘m pulim bor, sizlarga yana qanday yordamim tegishi mumkin deydi.
Bunday ishlarda ishonchning yo‘q bo‘lgani tinchlik davrida edi. Hozir biz “aqlli dushman” bo‘lgan virusga qarshi kurashayotgan davrimizda birlashishimizga o‘zaro ishonchning zarur ekanini vaqt ko‘rsatib beryapti. Agar biz bunaqa sharoitda bir-birimizga ishonmasak, bunday “aqlli dushman”ni yutib chiqa olmaymiz. O‘zaro ishonch va tartib-intizom bunday davrda juda zarur hisoblanadi. Tartib-intizom bo‘lmasa, karantin qoidalariga amal qilmasak, kasallar sonini ko‘paytiramiz”, deydi Elmira Bositxonova.
Bositxonovaga ko‘ra, xayriya markazi tashkil qilindi, u ishlayapti, demak hammasi yaxshi bo‘ladi degan stereotipdan yiroq bo‘lish kerak. Prezident aytganidek, hamma doimiy izlanishda bo‘lishi zarur. Jamiyatning ko‘pchilik qismi birlashdi. Qolgan qismi ham birlashishi uchun vaqt kerak bo‘ladi.
“Ba’zilar sizlar menga ovqat uchun mahsulotlar yuboribsiz. Men o‘z qozonimni o‘zim qaynata olaman. Menga banan, apelsin kabi foydaliroq mahsulotlar kerak, degan talablar bo‘lyapti. Biz bunday talablarga ham imkon qadar moslashyapmiz. Bizga dori-vositalar kelsa ham o‘z egalariga yetkazib beryapmiz. “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi bergan allergiya va shu kabi alohida kasalliklarga qarshi ishlatiladigan dori-darmonlarni shahardagi 11 ta markaziy poliklinikalarga yuboramiz. U yerdagi shifokorlar ularni diagnozi bo‘yicha o‘z egalariga tarqatadi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Markazga kirib kelayotgan har bir mahsulot sanitar-shifokor nazoratidan o‘tadi va saralanadi. Markazda qo‘lni-qo‘lga berib ishlayotgan har bir xodim homiylar eng sara mahsulotlarni keltirayotganini alohida ta’kidlab, ularga minnatdorchilik bildirdi.
Uchtepa tuman hokimi o‘rinbosari Zamira Azimboyeva tumanlar kesimida ehtiyojmand oilalar qanday ajratib olinayotganiga izoh berdi. Uning qayd etishicha, markazga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlardan tashqari tumandagi sektor rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qolgan keksalar va boshqa ehtiyojmand oilalar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Ularga mahsulotlar yuborilgandan keyin 1 hafta o‘tgach yana xolidan xabar olinmoqda.
“Ro‘yxat qayta tekshirilgach, xayriya markazi shtabiga berilmoqda. Ro‘yxat nafaqat 1197 raqami orqali, balki mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullarining qilgan tahlili asosida ham tuzilmoqda. Birgina Uchtepa tumanida mingdan ortiq oilalarga moddiy yordamlar tarqatildi. Oilalar mahsulotlari hafta o‘n kunda tugagach, MFY yoki 1197 raqamiga bog‘lansa, yana ularga mahsulotlar yuboriladi.
Kecha Uchtepa tumanidagi 711 ta xonadonga xayriya mahsulotlari yuborgan bo‘lsak, bugun 500 ga yaqin xonadonni rejalashtirganmiz. Hozir og‘ir damlar bo‘lgani uchun dam olishsiz ishlamoqdamiz. O‘ylaymizki, shahardagi barcha qiynalgan fuqarolarimizga ko‘rsatilayotgan yordamlarimiz o‘z vaqtida yetib boradi. Ro‘yxat doim yangidan shakllantirilib, tizim asosida tekshirilib boriladi”, deydi Zamira Azimboyeva.
Guvohi bo‘lganingizdek, bir kunda xayriya markazining 1197 raqamiga minglab fuqarolar murojaat qilmoqda. Ularni xodimlar saralab tahlil asosida o‘rganmoqda. Vazirlik va hokimlik mas’ullari nazoratida 10 dan ortiq turdagi birlamchi mahsulotlar ehtiyojmand fuqarolarga yetkazib berilmoqda. Markazga xayriya qiluvchi tadbirkorlar soni oshayotgani esa kishini quvontiradi. Bugun ehtiyojmand oilalar uchun manfaatsiz, mansab va moddiy boylik talab qilmay, uyda oilasi, farzandlarini qoldirib ishga kelayotganlarga qancha tashakkur aytsak oz. Ustimizdagi maxsus libos, boshimizdagi bosh kiyimi va tuflimiz ustidan kiyilgan selofanni yechib o‘zimizni tashqariga urdik. Tashqarida havo nafasi. Tanamiz rohatlandi, ichkarida odamga go‘yo havo yetmayotgandek. Lekin ichkaridagilar buni farqlamaydi. Savob yo‘lida tushlikni ham unutib, javlon urib mehnat qilmoqda.
COVID-19 yoki “Aqlli dushman”ni yengish uchun barchamiz jipslashib harakat qilishimiz talab etiladi. Bunday vaziyatda hamma bir-birini qo‘llab-quvvatlasa, kasallik shuncha erta chekinadi. Jamiyatda ijobiy ma’noda yonayotgan insonlarimizni qo‘llab-quvvatlaylik. Aytadiku, sen yonmasang, men yonmasam, bu dunyoni kim isitadi. Bizdan talab qilinadigani esa belgilangan tartiblarga rioya qilish, atrofimizdagi voqealarga befarq bo‘lmaslik va virusga ochiq “front”larda kurashayotganlarga ruhiy ko‘mak beraylik. Bunday vaqtda uyda qoling va uyda hayot bor.
LiveBarchasi