Vatanparvar blogerlar virtual guruhi mashmashasi: IIV “trollar fabrikasi”ni qurmoqchimi?
Tahlil
−
15 aprel 2020
12483Shu yilning 10 aprel kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi joylashtirildi. Ammo loyihaning bir bandi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Loyihaning “Yo‘l xaritasi”dagi 9-bandida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi a’zolari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) talabalari va ko‘ngilli yoshlar ishtirokida vatanparvar blogerlar virtual guruhiни tashkil etish, ular yordamida ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlarni aniqlash hamda tarmoq foydalanuvchilarini ularning ta’sir doirasiga tushib qolishlarining oldini olish maqsadida bildirilayotgan salbiy fikrlarga murosasizlik muhitini yaratish ko‘zda tutilgan. U yerda mas’ul ijrochilar sifatida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi va Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatilgan.
Yoshlar ittifoqining keskin bayonoti
Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi keskin bayonot bilan chiqdi. Unda mazkur hujjatga Yoshlar ittifoqi aloqador emasligi, loyiha tashkilotga yuborilganida, ular aynan shu punktdagi taklifga o‘z munosabatini bildirib, keskin qarshiligini ifoda qilganini ma’lum qildi.
“Biz Internet tarmoqlarida bildirilayotgan ba’zi tanqidiy munosabatlar uchun yoshlarning qimmatli vaqtlarini sarflashdan ko‘ra real harakatlarga sarf etishi, o‘z ustida ko‘proq ishlashi, ko‘proq bilim olishi, pirovardida sog‘lom fikrli, teran tahlilga ega inson bo‘lib ulg‘aygani jamiyat uchun ko‘proq manfaat keltiradi, deb hisoblaymiz. Har bir shaxs o‘z fikr mulohazalarini bayon qilish va bildirish huquqiga ega. Ayniqsa, yoshlar erkin fikr bildira olishi yetuk shaxslarning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Biroq, u tom ma’noda erkin va mustaqil fikr bo‘lishi shart”, deyildi bayonotda.
Buyog‘i endi qanchadan tushdi? Asosiy ijrochilar qatorida Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi ham ko‘rsatilgan, biroq ular bu punktga qarshi bo‘lganini aytmoqda. Shunda IIV Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining fikrlarini hisobga olmagan bo‘lib chiqadimi? Hisobga olmaydigan bo‘lsa, nega unda muhokama uchun mazkur tashkilotga yuboradi?
IIV Akademiyasi va TATU o‘rtasida
hamkorlik memorandumi imzolangan, ammo...
Hozircha ushbu masala yuzasidan Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi ham, Ichki ishlar vazirligi va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) rahbariyati ham to‘liq tushuntirish bermadi. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 27 mart kuni IIV Akademiyasi va TATU o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.
Memorandumning imzolanishidan maqsad tomonlarning o‘zaro hamkorligida ta’lim-tarbiya jarayonini monitoring qilishda shaxsni identifikatsiya va autentifikatsiya qilish orqali nazorat qiluvchi avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy qilish, mutaxassis kadrlarni tayyorlashda axborot-resurs markazlari imkoniyatlaridan o‘zaro foydalanish, mamlakat hududida axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurasha oladigan kadrlarni tayyorlash, kiberxavfsizlik va kiberjinoyatlarga qarshi kurash sohasida ilmiy tadqiqot va o‘quv metodik ishlarini amalga oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish va jinoyat-protsessual, ma’muriy-huquqiy sohalarning axborot kommunikatsiya texnologiyalariga oid muammolari ustida ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik va amaliy ishlarni bajarishda hamkorlikda ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat ekanligi aytilgan.
Unda vatanparvar blogerlar virtual guruhini tashkil etish haqida hech gap aytilmagan. Bu haqda alohida tet-a-tet suhbat bo‘lganmikin? Bunisi hozircha bizga noma’lum.
Yana TATU-mi?
O‘tgan yilning sentyabr oyini eslasangiz kerak. Jurnalist Dilbar Ismatullayevaning bloger Nurbek Alimovga yo‘llagan murojaati uning Telegram kanalida “Xoin kim?!” sarlavhasi ostida e’lon qilingandi. Unda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “trollar fabrikasi” faoliyat yuritishi haqida xabar qilingandi. O‘shanda Dilbarga TATUda prorektor yordamchisi bo‘lib ishlaydigan tanishi qo‘ng‘iroq qilib, ijtimoiy tarmoqlarda vatanini himoya qilishi uchun haq to‘lanadigan ish taklif qilgani aytilgandi.
Keyinroq TATU rahbariyati rostan ham shunday guruh mavjudligini aytib, ushbu guruh ijtimoiy tarmoqlarda Prezident va Bosh vazir nomiga bildirilgan negativ fikrlarga boshqa nom ostidagi sahifalar orqali munosib javob berish maqsadida tuzilganini tan olgandi. Ammo uning moliyaviy resurslari haqida arzirli javob qaytarmagandi. Ushbu xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans berib, o‘tkir tanqidlarga uchragandi. Hozir esa ushbu guruhlarga rasmiy maqom berish rejalashtirilganmi degan savollar paydo bo‘lmoqda.
Vatanparvar blogerlar virtual guruhi moliyaviy resursi qayerdan olinadi?
Vatanparvar blogerlar virtual guruhi ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlarni aniqlash hamda tarmoq foydalanuvchilarini ularning ta’sir doirasiga tushib qolishlarining oldini olish maqsadida bildirilayotgan salbiy fikrlarga murosasizlik muhitini yaratishi belgilangan ekan. Bu yerda savollar tug‘iladi: Vatanparvar bloger o‘zi kim? Salbiy-tanqidiy fikrlarga “nima bo‘lsa ham vatanimni sevaman” deya izoh yozib o‘tiradigan blogermi? Yoki bo‘lmasa, vaqti-vaqti bilan davlat tashkilotlarini asosli tanqid qilib, qolgan vaqtini boshqa unumli ishga sarflaydigan blogermi?
Vatanparvar bloger virtual guruhining ishi nimadan iborat? U qanday funksiyalarni amalga oshiradi? Faoliyatini yuritishi uchun mablag‘ talab etilishi aniq. Tekinga Wi-Fi ham yo‘q. Uning moliyaviy resurslari qayerdan olinadi? Yana xalqning zimmasiga tushib, davlat byudjetidan moliyalashtiriladimi? Iqtisodchilar tomonidan ayni koronavirus davrida katta moliyaviy zararlar ko‘rilishi aytilmoqda. Bunday vaqtda davlat puli ertaga hech bo‘lmasa, tani qaytadigan sohalarga yo‘naltirilishi tavsiya qilinmoqda. Shunday davrda bunday guruhga ehtiyoj bormikin?
Ijtimoiy tarmoqda sahifasi bo‘lgan shaxs bor-ki, amaldagi qonunchilik bo‘yicha bloger deb hisoblanadi. O‘zbekistonda millionlab bloger bor. Kuniga milliardlab fikrlar bildiriladi. Qonun doirasida fikr bildirganlarni jazolash mumkin emas. Tuzilayotgan “alfa” guruhi yuqoridagilarning qay biriga ulguradi? Guruhdagi shtatlar soni o‘z-o‘zidan ko‘payib ketmaydimi? Ko‘paysa, bu degani xarajatlar ortadi degani emasmi? Shuncha xarajat o‘tish bosqichida bizga kerakmi?
Yana bir savol. Vatanparvar blogerlar virtual guruhi a’zolari o‘zlarining nomidan sahifalar ochadimi (mavjud akkauntlari orqali ishlaydimi) yoki bo‘lmasa, “troll akkaunt”lar orqali izohlar yozadimi? Guruh a’zosi troll sahifa orqali ishlaydigan bo‘lsa, uning istaganicha harakatlanmasligiga (hatto, qonun doirasidan chetga chiqib), sog‘lom bahs bo‘lishiga kim kafolat beradi?
Oxirgi savol! Talaba-yoshlarimiz ayni vaqtda kitob varaqlagani bizga foydalimi yoki ijtimoiy tarmoqda salbiy izohlarga bittalab javob qaytarib turganimi?
LiveBarchasi