Yoshlar ittifoqi ochlik e’lon qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorning pulini to‘lab berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, jizzaxlik tadbirkor Shuhrat Sotvoldiyev Yoshlar Ittifoqi uchun Jizzax viloyatida innovatsion yoshlar markazini o‘z mablag‘lari hisobidan 14 mlrd 343 mln so‘mga qurib bergani va hamon pulini ololmayotganidan noroziligi haqida xabar bergan edik.

Kecha, 14 dekabr kuni “Jizzax real qurilish ta’mir” MCHJ rahbari Shuhrat Sotvoldiyev va “Yoshlar qurilish invest” MCHJ (Yoshlar ittifoqi) masalaning yechimi bo‘yicha bir to‘xtamga kelgan.

Tomonlar amalga oshirilgan qurilish bo‘yicha kelishuv bitimi imzolagan. Yangi bitimga ko‘ra, tadbirkorning xarajatlari 14,3 milliard so‘mdan 11,4 milliard so‘mga tushirilgan. 

Shuningdek, “Yoshlar qurilish invest” MCHJ investorlardan tadbirkorning to‘liq haqini olib bergan.

“Bugun ushbu hujjatlar asosida Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va Jizzax viloyati hokimligi tomonidan 3,6 milliard so‘mlik mablag‘lar qoplab berildi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman, endi 300 dan ortiq ishchi xizmatchilar o‘z ish haqlarini oladigan bo‘ldi.

Bu holat bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarga chiqishimni maslahat berganlar ham bo‘lgan edi. Asosiysi, masala yechildi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqidan hech qanday da’vo e’tirozim yo‘q”, degan tadbirkor.

Eslatib o‘tamiz, “Jizzax real qurilish ta’mir” MCHJ direktori Shuhrat Sotvoldiyev imzolagan xat surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Xatda tadbirkor Prezident topshirig‘i va Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tasdiqlagan hujjatga ishonib, Yoshlar ittifoqi uchun Jizzax viloyatida 14,3 milliard so‘mlik binoni deyarli o‘z hisobidan qurgani qayd etilgan. Biroq u tashkilotdan mazkur mablag‘larni ololmayotgani va shu sababli 15 dekabr kuni ittifoqning markaziy kengashi binosi oldida ochlik e’lon qilmoqchi ekanligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yoshlar ittifoqi

Baholaganlar

91

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing