Yerni egallab olishga qarshi chora ko‘rmaganlik uchun javobgarlik belgilanyapti

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Yer, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslari, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Qonun loyihasiga muvofiq, Yer kodeksi 40-moddasining birinchi qismi “12” kichik band bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra yer uchastkalariga egalik qiluvchi, ulardan foydalanuvchi, ularni ijaraga olgan, shuningdek mulk qilib olgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga bo‘lgan o‘z huquqini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi shartligi belgilanmoqda.

Shuningdek, Yer kodeksining 38-moddasiga qo‘shimcha kiritilib, Kadastr agentligi organlari yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari yuzasidan ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga da’vo arizasi kiritish vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi to‘trinchi qismi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra moddaning ikkinchi va uchinchi qismida, ya’ni, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanganlik hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirganlik uchun ushbu huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u huquqbuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran o‘n besh kunlik muddatda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa va o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etilishi belgilanmoqda.

Kodeksning 601-moddasi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra, barcha toifadagi yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar ko‘rmaslik bo‘yicha javobgarlik belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 198-6-modda bilan to‘ldirilib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda hokim yordamchisining so‘rovlariga javob bermaslik holatlari bo‘yicha javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun loyihasi bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun 11-moddasining birinchi qismi o‘ttizinchi xatboshi bilan to‘ldirilmoqda.

Unga ko‘ra, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklarida aniqlangan (o‘zlariga oshkor bo‘lgan) yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha ma’lumotlarni bir kunlik muddatda yer sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga taqdim etishi belgilanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

kodeks qonun er

Baholaganlar

152

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made