Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari ortib bormoqda – Bosh prokuratura
Jamiyat
−
12 dekabr 2019
4413O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi PF–5421-son Farmoniga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha 2019 yil 1 mayga qadar umumdavlat aksiyasi tashkil etilgan edi. Ushbu aksiya doirasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga egalik huquqini e’tirof etish haqida Davlat xizmatlari markazlariga 932 748 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 574 213 tasi qanoatlantirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek, turar joyi aholi punktlarining bosh rejalari loyihalariga to‘g‘ri kelmaganligi, shaharsozlik normalariga rioya etilmagan holda qurilganligi, ular tabiiy xavfi yuqori bo‘lgan hududda joylashganligi va boshqa shaxslarning huquqlarini buzganligi sababli 179 824 tasi rad etilgan.
Qolgan 178 711 ta murojaatni ko‘rib chiqish davom etmoqda.
“Sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarga, shuningdek, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishga doir javobgarlik kuchaytirilganligiga qaramasdan ushbu toifadagi huquqbuzarliklar soni oshib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Masalan, Toshkent viloyatida yerdan foydalanishga oid qonunlar ijrosi o‘rganilganda, 2019 yilning dekabr oyida 9 169 ta holatda 1 203 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallangan. Bundan tashqari, 3 753 ta holatda 364 gektar yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilish qilinganligi aniqlangan. Bunday salbiy holatlar respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilayotgani ma’lum bo‘lgan.
Sarvar Rahimov
LiveBarchasi