Yerevan va Baku hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olishga kelishib oldi
Olam
−
25 may 2023
3626Armaniston va Ozarbayjon hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishib oldi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mazkur kelishuv haqida YeOII sammitida ma’lum qilgan.
“Biz munosabatlarimizni tartibga solish yo‘lida muvaffaqiyatlarga erishyapmiz”, deydi siyosatchi.
Shu bilan birga, u xalqaro mexanizm doirasida (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ aholisining huquqlari va xavfsizligi masalasiga to‘xtalib o‘tgan.
“Umid qilamanki, Baku va Stepanakert o‘rtasida qisqa vaqt ichida normal, konstruktiv muloqot boshlanadi”, deydi Pashinyan.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatning Armanistonga nisbatan hududiy da’vosi yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.
“Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish imkoniyati bor, ayniqsa, Armaniston Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida rasman tan olganini hisobga olsak”, deydi Ozarbayjon rahbari.
Aliyev bir-birining hududiy yaxlitligini tan olish asosida munosabatlarni normallashtirish uchun jiddiy shartlar mavjudligini qayd etgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari bilan uch tomonlama uchrashuvda barcha kelishmovchiliklarni muhokama qilish mumkinligiga umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan armanlar xavfsizligi ta’minlangan taqdirda (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.
Qorabog‘ urushi
2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.
2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi