Yerevan Bakuga tinchlik bitimi bo‘yicha yangi taklif yubordi – Pashinyan

Olam

image

Armaniston Ozarbayjonga ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha yangi taklif yubordi. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

"Men Armanistonning tinchlik kun tartibiga sodiqligini ta’kidlamoqchiman. Sizga shuni ma’lum qilishim kerakki, biz Baku tomoniga Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha yangi taklifimizni yubordik",  degan Pashinyan.

Bosh vazirning aytishicha, hozirda Qorabog‘dagi gumanitar vaziyat keskinligicha qolmoqda.

"Vaziyatdagi yagona o‘zgarish – Qizil Xoch va Rossiya tinchlikparvar kuchlari orqali davolanishga muhtoj va boshqa fuqarolarning Lochin yo‘lagi orqali ma’lum bir harakati boshlandi. Shu bilan birga, biz bu borada rejalar ishlab chiqilayotgani, unga ko‘ra, Lochin yo‘lagining bir tomonlama tartibini ochish, ya’ni Tog‘li Qorabog‘dan chiqish va kirishni taqiqlash nazarda tutilayotgani haqida ishonchli ma’lumot oldik. Sizga shuni eslatib o‘tmoqchimanki, hozirda Tog‘li Qorabog‘ning ko‘plab fuqarolari Armanistonda bo‘lib, Tog‘li Qoraboqqa qaytib kela olmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Pashinyan. 

Ozarbayjon bilan tinchlik o‘rnatishga urinayotganini aytganiga qaramasdan, Pashinyan Bakuni harakatlarini qoralashdan hali tiyilgani yo‘q.

“Ozarbayjonning asosiy maqsadi Tog‘li Qorabog‘ armanlarini ochlik yoki kuch bilan, etnik tozalash yo‘li bilan quvib chiqarish. Bizda mavjud ma’lumotlar Baku Stepanakert bilan muloqotni turli yo‘llar bilan to‘xtatib, mas’uliyatni Tog‘li Qorabog‘ zimmasiga yuklashga urinayotganidan dalolat beradi”, degan Armaniston hukumati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yerevan BMTdan Qorabog‘dagi gumanitar vaziyat yuzasidan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirishni iltimos qilgandi. AQSH raislik qilayotgan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi 16 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Biroq yig‘ilish so‘ngida hech qanday rezolyutsiya yoki qo‘shma deklaratsiya qabul qilinmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing