Yerevan Bakuga qarshi ruslardan najot so‘radi. Ozarbayjonning javobi uzoq kuttirmadi

Olam

image

Armaniston Ozarbayjon harbiylarini Qorbog‘ning Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazoratidagi qismiga kirganlikda ayblab, rus harbiylari bunga tegishli chora ko‘rishini kutmoqda. Bu haqda Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.

“Biz Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining Rossiya tinchlikparvar kontingenti mas’uliyat zonasida Tog‘li Qorabog‘ga bostirib kirishi davom etayotganini, bu ilova qilingan xaritalarda aks ettirilganligini aytishga majburmiz. Biz Rossiyaning Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlikparvar kuchlari Ozarbayjon bo‘linmalarining tinchlikparvar kuchlar mas’uliyati zonasiga bostirib kirishini to‘xtatish va Ozarbayjon qurolli kuchlarini olib chiqib ketish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishini kutamiz”, deyiladi Armaniston TIV bayonotida.

Yerevan hodisa yuzasidan tegishli surishtiruvlani o‘tkazish va qator savollarga javob berish kerakligini ta’kidlamoqda.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Armanistonning Qorabog‘dagi holat bo‘yicha keltirgan holatlani qat’iyan rad etgan va ularni yolg‘on ekanini ta’kidlagan.

Baku avvalo Yerevanga Ozarbayjonning suveren hududlari haqida aytilgan izohlar bu davlat tomonidan mamlakatning ichki ishlariga aralashish va xalqaro huquq normalarini buzishga urinish ekanini eslatib qo‘ygan.

Ozarbayjon Armaniston 2020 yil 9-10 noyabrdagi uch tomonlama bayonotni bajarmasdan, ikki davlatning urushdan keyingi munosabatlarni tiklash jarayoniga zarba berganini ta’kidlagan.

“Aynan Armaniston mojarodan keyingi bosqichda Ozarbayjonga nisbatan ochiq hududiy da’volarini davom ettirmoqda, jumladan, Tashqi ishlar vazirligida ham ko‘tarmoqda. Aynan Armaniston, uch tomonlama bayonotning 4-bandiga zid ravishda, qurolli kuchlarining qoldiqlarini mintaqadan haligacha olib chiqmagan. Armaniston bayonotning 6-moddasiga zid ravishda Lochin yo‘lagi orqali mintaqaga qo‘shin yuborishda davom etmoqda. Bu fakt xalqaro OAV tomonidan tasdiqlandi”, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.

Rasmiy Baku Ozarbayjon tomonining talabi mamlakatning Qorabog‘ hududida yashovchi arman millatiga mansub fuqarolarga emas, balki uch tomonlama kelishuvda ko‘rsatilganidek, noqonuniy arman harbiy tuzilmalari qoldiqlarini hududdan chiqarishga taalluqli ekanini ta’kidlagan.

26 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarbayjon qo‘shinlari Qorabog‘dagi Rossiya tinchlikparvar kontingenti javobgarlik zonasiga kirgani haqida bayonot berdi. Yakshanba kuni kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi Baku qo‘shinlarini Qorabog‘ning Farux (Farrux) aholi punktidan olib chiqqani haqida ma’lum qildi.

Biroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi uch tomonlama kelishuv shartlarini buzganini rad etdi. Shuningdek, Farrux qishlog‘idan qo‘shinlar chiqarilganini ham inkor etdi.

Bu orada tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida harbiy holat e’lon qilindi.

Qorabog‘ urushi 

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

245

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing