Yerdan 23 baravar og‘ir gigant toshli sayyora aniqlandi
Olam
−
18:25 1913 2 daqiqa
Astronomlar Yerdan 2,5 baravar katta, massasi qariyb 23,5 baravar yuqori bo‘lgan g‘ayrioddiy zich ekzosayyorani aniqladi. GJ 523b deb nomlangan ushbu sayyora “mega-Yer“ deb atalib, sayyoralar shakllanishi haqidagi mavjud qarashlarni qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda “TRT Haber“ xabar berdi.
Tadqiqotga ko‘ra, GJ 523b taxminan 170 million yil avval shakllangan yosh tizimda joylashgan. U o‘z yulduzi atrofida bir marta aylanishini taxminan 18 kunda yakunlaydi. Sayyoraning radiusi Yernikidan 2,55 baravar katta, zichligi esa taxminan 7,8 gramm/kub santimetrni tashkil etadi.
Olimlarni hayratga solgan jihat shundaki, bunday katta massaga ega sayyora odatda katta miqdorda vodorod va geliy to‘plab, gaz gigantiga aylanishi kerak edi. Biroq GJ 523b juda zich va asosan toshli tuzilishga ega bo‘lib, unda qalin gaz qatlami mavjudligi haqida dalillar yo‘q.
Mutaxassislar sayyora dastlab qalin atmosferaga ega bo‘lib, keyinchalik uni yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Yana bir ehtimolga ko‘ra, sayyoralar tizimining ilk davrida yuz bergan ulkan to‘qnashuv natijasida gaz qatlamlari koinotga sochilib, zich toshli yadro qolgan.
Tadqiqot hozircha taqriz jarayonida bo‘lib, olimlar GJ 523b kabi “mega-Yer“larning qanday shakllanganini aniqlash uchun qo‘shimcha kuzatuvlarni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerdan taxminan 25 yorug‘lik yili uzoqlikda, Jiraf (Kamelopardalis) yulduz turkumida joylashgan GJ 3378b sayyorasi Yerdan tashqaridagi hayot uchun eng istiqbolli nomzodlardan biri bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Yangi tadqiqotning ko‘rsatishicha, u o‘z yulduzining hayot zonasida (yashash uchun qulay hududda) joylashgan va unda suyuq suv mavjud bo‘lishi uchun potensial sharoitlar bor.