Yordam olmoqchi bo‘lgan 1760 och g‘azoliklar o‘ldirildi
Olam
−
16 avgust 2025 16249 2 daqiqa
Joriy yilning may oyidan buyon G‘azoda yordam olishga harakat qilgan kamida 1760 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilshicha, bugun, 16 avgust kuni Isroil zarbalaridan G‘azoda kamida 25 nafar falastinlik, jumladan 12 nafar yordam olishga borgan fuqarolar vafot etgan.
Janubiy G‘azodagi Mavasi hududida Isroil droni hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohat olgan. Hujum hududdagi boshpana punktlariga urilgan. Shu bilan birga, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soatda 11 kishi ochlikdan vafot etgan, jumladan, 16 va 25 yoshli aka-uka bir kunda o‘lgan. Hozirgi vaziyatda G‘azoda ko‘plab bolalar va kattalar oziq-ovqatsiz qolmoqda, yordam markazlari yetarlicha ishlamayapti, ovqat juda qimmat.
Hududdagi Ash-Shifo shifoxonasida 200 dan ortiq bemorning hayoti dori-darmon yetishmasligi va ochlik sabab xavf ostida. Shifokorlar infeksiyalar sabab amputatsiyalar sonini ko‘paytirishga majbur bo‘lmoqda.
G‘azoda Isroil havo va artilleriya zarbalari davom etmoqda, aholiga qochish yoki qolish tanlovi qiyinlashmoqda. Shuningdek, G‘arbiy Sohilda Isroil bosqinlari oqibatida to‘rt falastinlik jarohatlangan. Hududda Isroil droni texnik nosozlik sabab halokatga uchragan.
Umuman olganda, G‘azodagi vaziyat jiddiy bo‘lib, ochlik, yordam yetishmasligi va doimiy bombardimon tufayli halok bo‘lganlar soni har lahza ortib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘azo sektoridagi inqiroz bo‘yicha G‘arb mamlakatlarining sustkash pozitsiyasi xalqaro hamjamiyatga bo‘lgan ishonchni yemirayotganini aytgandi. Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya G‘azo masalasida boshidan buyon qat’iy pozitsiyada turib, oziq-ovqat, dori va tibbiy yordam yetkazib bermoqda, yaradorlarni davolash uchun qabul qilmoqda.
Live
Barchasi