Yevropa Isroilni Falastin yerida turarjoy qurishni to‘xtatishga chaqirdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Isroil hukumatining E1 turarjoy rejasini ilgari surish qarori ikki davlat yechimiga yanada putur yetkazishi va xalqaro huquqning buzilishi ekaniga ishonch bildirdi. Bu haqda kecha, 14 avgust kuni Yevropa Tashqi harakatlar xizmati (EEAS) xabar berdi.

“Agar qurilish amalga oshirilsa, bu qadam bosib olingan Sharqiy Quddus va G‘arbiy Sohil o‘rtasidagi geografik va hududiy aloqani doimiy ravishda buzadi va G‘arbiy Sohilning shimoliy va janubiy qismlari o‘rtasidagi aloqani uzadi”, deb ogohlantirdi Bryussel.

Yevropa Ittifoqi yana bir bor Isroilni turarjoy qurilishini to‘xtatishga chaqirdi. Qayd etilishicha, bu “bir tomonlama qarorlar” tarang vaziyatni yanada kuchaytiradi va tinchlikka erishish uchun har qanday imkoniyatni yanada buzadi,

Yevropa Ittifoqi Isroil ikki davlat yechimining hayotiyligini himoya qilish choralarini ko‘rishi kerakligiga ishonch bildirdi.

DPA agentligining xabar qilishicha, Germaniya federal hukumati ham Isroilning G‘arbiy Sohilda qurilish rejalarini ham tanqid qilgan.

“Aholi punktlari qurilishi xalqaro huquq va BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalariga ziddir. Bu ikki tomonlama kelishuvga erishish, shuningdek, Xalqaro sud talabiga ko‘ra, G‘arbiy Sohilda Isroil tomonidan bosib olinishiga chek qo‘yishni qiyinlashtiradi”, dedi Germaniya TIVning Berlindagi vakili.

“Reuters”ning eslatishicha, turarjoy bo‘yicha ish boshlanishi haqida avvalroq Isroil moliya vaziri, o‘ta o‘ng diniy sionizm partiyasi rahbari Betsalel Smotrich e’lon qilgan. Gap E1 loyihasi doirasida Quddusdan 7 km sharqda joylashgan Maale Adumim yaqinida 3401 ta yangi uy-joy va qo‘shni hududda yana 3515 ta yangi uy-joy qurilishi haqida bormoqda.

Isroil 1967 yilgi Olti kunlik urush paytida G‘arbiy Sohil, Sharqiy Quddus va G‘azo sektori ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, bu Falastin hududlarida yahudiylar turarjoylari qurish noqonuniy hisoblanadi.

Xalqaro hamjamiyat noroziligiga qaramay, Isroil so‘nggi o‘n yilliklarda G‘arbiy Sohilda o‘nlab turarjoylar qurdi, ularda 500 mingga yaqin yahudiy 3 millionga yaqin falastinlik bilan birga istiqomat qiladi.

Ayni paytda Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 10 avgust kuni G‘azo shahri ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olish rejasini tasdiqlab, bu “urushni tugatishning va buni tezda amalga oshirishning eng yaxshi yo‘li” ekanini aytdi. Uning fikricha, Isroilning “ishni yakunlash va HAMASni to‘liq mag‘lub etishdan boshqa iloji yo‘q”.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Falastin Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing