Yerda kuchli magnit bo‘roni boshlandi
Olam
−
18:58 2655 1 daqiqa
Yerda G3.33 darajasidagi kuchli magnit bo‘roni boshlandi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Koinot tadqiqotlari institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabar berdi.
Laboratoriya mutaxassislariga ko‘ra, bu joriy yilda qayd etilgan ikkinchi kuchli geomagnit hodisa hisoblanadi.
Qayd etilishicha, magnit bo‘roni kutilganidan bir sutka kech boshlangan. Yer magnit maydoni qariyb 24 soat davomida Quyoshdan otilib chiqqan plazma oqimlari bosimi ostida bo‘lgan. Oqimlarning birinchisi kecha, 3 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 atrofida Yerga yetib kelgan.
Mutaxassislarning bildirishicha, hal qiluvchi o‘zgarish bugun, 4 iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Aynan shu vaqtda Quyosh shamoli tezligi va boshqa parametrlari keskin oshib, sayyoralararo magnit maydonining yo‘nalishi o‘zgargan. Oqibatda G3.33 darajasidagi magnit bo‘roni yuzaga kelgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, Quyosh chaqnashlari rentgen nurlanishi quvvatiga qarab A, B, C, M va X sinflariga bo‘linadi. Kuchli geomagnit bo‘ronlari elektr ta’minoti tizimlari faoliyatida uzilishlarga sabab bo‘lishi, qushlar va ayrim hayvonlarning migratsiya yo‘nalishlariga ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, qutb yog‘dulari kuzatiladigan hududlar geografiyasini kengaytirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Quyoshdagi kuchli X sinf chaqnashlari oqibatida sayyorada 6-7 ballik kuchli magnit bo‘roni kuzatilishi ehtimoli mavjudligi haqida xabar berilgan edi.